O‘zbekistonlik yana bir bemor vafot etdi
Jamiyat
−
12 aprel 2020
22457Kecha, 11 aprel kuni tunda Farg‘ona viloyati, Yozyovon tumanida yashovchi, Umra safarida bo‘lib qaytgan 59 yoshli fuqaro N.da joriy yil 25 mart kuni koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan va viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan edi. Bemor shu yili 31 mart kuni sun’iy nafas olish apparatiga ulangan. Ayolda o‘pkaning surunkali obstruktiv kasalligi, gipertoniya 3-bosqich, arterial gipertenziya 3-daraja, xavf o‘ta yuqori bo‘lganligi sababli kasallik og‘ir kechib, u 12 kun davomida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabar bermoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A.Xadjibayev rahbarligida Sog‘liqni saqlash vazirligi bosh pulmonologi, professor I.Liverko, yetakchi reanimatologlar D.Sobirov va X.Sattorov ishtirokida bir necha bor videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham o‘tkazilgan.
Shu kuni bemorning ahvoli keskin yomonlasha boshlagan. Unga qator soha mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan shoshilinch reanimatsion muolajalar ko‘rsatilgan. Lekin standart asosida olib borilgan chora-tadbirlarga qaramasdan bemor N.da o‘tkir respirator disstres sindrom, o‘tkir nafas yetishmovchiligi hamda o‘pka-yurak yetishmovchiligi oqibatida bemor vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 767 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 3 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi