O‘zbekistonlik o‘quvchi qiz Xalqaro nemis tili olimpiadasi g‘olibi bo‘ldi (video)
Jamiyat
−
24 iyul
7937Germaniyaning Gyottingen shahrida joriy yilning 15-22 iyul kunlari bo‘lib o‘tgan Butunjahon nemis tili olimpiadasining final bosqichida o‘zbekistonlik o‘quvchi qiz g‘oliblikni qo‘lga kiritdi. Bu haqda “Dunyo” axborot agentligi xabar berdi.
Dunyoning 62 davlatidan 14 yoshdan 17 yoshgacha bo‘lgan 100 dan ortiq o‘quvchilar ishtirokida o‘tkazilgan nemis tili bo‘yicha xalqaro musobaqada Andijon shahridagi 23-maktab o‘quvchisi Rayyona Ibrohimova barcha bosqichlardan muvaffaqiyatli o‘tib, tegishli daraja bo‘yicha birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.
“Biz bilan birga bo‘ling! Bilim olib kelajakni yarating” shiori ostida o‘tkazilgan bellashuvlarda u bilan birgalikda Mahek Xon (Bangladesh) va Ana Kotevskalar (Shimoliy Makedoniya) ham tegishli til darajalarda olimpiada g‘oliblari bo‘lgan.
Ma’lumot uchun, Butunjahon nemis tili olimpiadasi (IDO) 2008 yildan beri har ikki yilda Gyote instituti tomonidan Xalqaro nemis tili o‘qituvchilari assotsiatsiyasi bilan birgalikda tashkil etiladi. Joriy yilgi bellashuvlar Gyottingen shahri oberburgomistri Petra Broystedt homiyligi ostida Gyottingen universiteti Bilimlar muzeyi hamda Bilimlar forumi bilan uzviy hamkorlikda o‘tkazilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston 2024 yilgi Xalqaro biologiya olimpiadasi (IBO)dan chetlatilib, olimpiadada ishtirok etgan barcha o‘quvchilarning natijalari bekor qilingani, shuningdek, mamlakat IBO'ga a’zo davlatlar ro‘yxatidan ham chiqarib yuborilgani xabar qilingandi.
LiveBarchasi