O‘zbekistonlik Olimpiadachilar qanday kutib olindi? (video)

Sport

Joriy yilning 9 avgust kuni Tokio Olimpiadasida ishtirok etgan delegatsiya O‘zbekistonga qaytib keldi. 

Toshkent aeroportida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri Abdulla Aripov, Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva, Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbek Milliy akademik drama teatri rahbari Yodgor Sa’diyev, O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O‘zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, shuningdek, g‘olib va sovrindor sportchilarning ota-onalari olimpiyachilarni qutlashdi.

Olimpiya delegatsiyasi Toshkent xalqaro aeroportida kutib olingach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati raisi Tanzila Norboyeva sovrindor olimpiadachilarni Tokiodagi muvaffaqiyat bilan tabrikladi.

“Biz butun boshli musobaqani yurtimizga muxlislik qilib, delegatsiyamizning sovrinlar qo‘lga kiritishiga umidvor bo‘lib kuzatdik. Hozirgina aytib o‘tildi, bizning terma jamoamiz 200 dan ortiq davlat ishtirok etgan Olimpiadada 32-o‘rinni egallabdi. Osiyo davlatlari orasida esa bu ko‘rsatkich beshinchi, Markaziy Osiyo hamda turkiyzabon mamlakatlar orasida birinchi o‘rinni oldi. MDH hamda Islom davlatlari orasida ko‘plab  rivojlangan mamlakatlarni ortda qoldirib, 2-o‘rinni egalladi va bizni g‘urur-iftixorga to‘ldirdi”, deydi Senat raisi.

Norboyevaning so‘zlariga ko‘ra, davlat rahbari ham O‘zbekiston vakillarining Olimpiadada qilgan chiqishlarini kuzatgan.

“Aziz o‘g‘lonlarimiz, bizning barcha sportchi qizlarimiz bugun mana o‘zlarining tinimsiz mehnatlari hamda murabbiylarining mehnati tufayli ular yorug‘ yuz bilan yurtimizga medallar olib, qaytib kelishdi. Shuni ta’kidlab o‘tmoqchimanki, prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev sportchilarning har bir chiqishini siz qanday ko‘rgan bo‘lsangiz, xuddi shu tarzda kuzatib bordilar. Ularning ishonchini oqlashgani ham katta bir yutuq”, deydi Norboyeva.

Qayd etish kerakki, ushbu marosimda O‘zbekiston Bosh vaziri Abdulla Aripov ham ishtirok etib, Olimpiya o‘yinlaridagi nohaqliklar haqida gapirib o‘tdi.

“Olimpiada katta turnir, barchamiz uni diqqat bilan kuzatib bordik. Musobaqa payti hayajonlanib, aytishga ikkilanib turgan edim, lekin bu haqda aytmasam bo‘lmaydi. Shu yoshga kirib hech qachon bunaqangi adolatsiz hakamlikni ko‘rmagandim. Ming afsuslar bo‘lsinki, Miraziz Mirzaxalilov, Tursunoy Rahimova yutgan joyida ring atrofidagilar nomardlarcha g‘alabani raqibiga berib yuborishdi. Bunday qilish uchun qanaqa odam bo‘lish kerak, ochig‘i hayratdaman. Bunday hakamlar shu ishlari bilan xalqimizni g‘azabiga duchor bo‘lishdi. Shunga qaramay, sportchilarimiz nomardlarcha bo‘lgan hakamlikka ham bardosh berib, o‘zining bor irodasini bir mushtga yig‘ib, zo‘r g‘alabalarga erishib qaytib kelishdi. Rahmat sizlarga!”, deydi Bosh vazir.

Abdulla Aripovning so‘zlariga ko‘ra, Tokiodagi hakamlar Rio-2016 da o‘zini ko‘rsatgan bokschilarni ruhan sindirmoqchi bo‘lgan.

“Nokas hakamlarning niyati, Rio-2016 da o‘zini ko‘rsatgan bokschilarimizni shunday hakamlikdan keyin irodasi sinadi deb o‘ylagan edi. Maqsadlari ham o‘zi shunday edi. Lekin, Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va oxirgi kunda Bahodir Jalolov 2019 yildagi Mustaqillik bayrami kuni prezidentimizga bergan va’dalarini bajardi. Miraziz ham, Tursunoy va boshqa sportchilarimiz ham xafa bo‘lishi kerak emas. Parij-2024 da o‘zimizni ko‘rsatishga, g‘ururlaringizni namoyish etishga imkoniyat bor. Barchasi o‘z qo‘lingizda”, deydi Abdulla Aripov.

Tadbir davomida, Bahodir Jalolov, Akbar Jo‘rayev, Ulug‘bek Rashidov va ularning onalari o‘z taassurotlari bilan o‘rtoqlashdi. 

Shundan so‘ng, Olimpiadachilar va ularning ota-onalari Milliy Olimpiya qo‘mitasiga yo‘l oldi.

O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasida bo‘lib o‘tgan g‘olib va sovrindorlarni taqdirlash marosimida Olimpiada chempionligini qo‘lga kiritgan Ulug‘bek Rashidov, Akbar Jo‘rayev va Bahodir Jalolov Tahoe avtomobili hamda uch xonali “kottej” bilan, bronza medalga ega bo‘lgan Behzod Abdurahmonov hamda Davlat Bobonov Trailblazer va ikki xonali uy bilan taqdirlandi.


Maqola muallifi

Teglar

Tanzila Norboeva Bahodir Jalolov Abdulla Aripov Tokio-2020 Ulug'bek Rashidov Akbar Jo'raev Reportaj

Baholaganlar

87

Reyting

3.1

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing