O‘zbekistonlik migrantlarning Rossiyaga ketishi soddalashtiriladi

Jamiyat

image

Kecha, 24 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining tegishli vazirliklari o‘zbekistonlik mehnat muhojirlarning Rossiyaga jo‘nab ketish tartibini soddalashtirish bo‘yicha hujjatlar imzolagan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi huzuridagi Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xabar bermoqda.

Ma’lum qilinishicha, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Rossiya Ichki ishlar vazirligi huzuridagi “Pasport-viza xizmati” hamda Moskva shahrining “Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi” o‘rtasida hamkorlik kelishuvlari imzolangan.

Qayd etilishicha, hujjatlarni imzolashdan maqsad Rossiyada vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirmoqchi bo‘lgan O‘zbekiston fuqarolarining tashkiliy jo‘nab ketish tartibini soddalashtirishdir.

Agentlik xabariga ko‘ra, ushbu hamkorlik migratsiya jarayonlari, shu jumladan migratsiya markazlari ofislari ochilishini jadallashtirish imkonini beradi. Natijada O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyada mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat olish uchun zarur bo‘lgan hujjatlarni tayyorlashda vaqt va xarajatlari qisqaradi. Shuningdek, Rossiyaga jo‘nab ketishdan oldin respublika hududida xizmatlarning bir qismidan foydalanish mumkin bo‘ladi.

Ma’lumot o‘rinda, "Ko‘p tarmoqli migratsiya markazi" Moskva va Rossiya bo‘ylab mehnat faoliyatini amalga oshirishga ruxsat olish uchun kompleks xizmatlarni ko‘rsatadigan vakolatli tashkilot hisoblanadi.

Avvalroq, Rossiyada faoliyat yuritayotgan mehnat migrantlari patent olishda talab etiladigan bir qator tibbiy tahlillar bo‘yicha ma’lumotnomani O‘zbekistonda olishlari mumkinligi haqida xabar bergan edik.


Maqola muallifi

Teglar

migrantlar migratsiyasi agentligi

Baholaganlar

933

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing