O‘zbekistonlik qutqaruvchilar vayronalar ostidan 12 kishining jasadini olib chiqdi (video)
Jamiyat
−
08 fevral 2023
13072Avval xabar berganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshlagan edi. O‘zbekistonlik qutqaruvchilar vayronalar ostidan 9 nafar fuqaroni qutqarib oldi. Bu haqda Favqulodda vaziyatlar vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun 8 fevral soat 08:00 holatiga ko‘ra, Turkiyaga yetib borgan O‘zbekiston FVV bo‘linmalari tomonidan vayronalar ostidan 9 kishi (5 nafar erkak va 4 nafar ayol) tirik holda qutqarilgan hamda 12 kishining jasadi olib chiqildi. Shuningdek, qutqaruvchilar 132 metr kvadrat maydonda 430 metr kub vayronalarni tozalash ishlarini bajargan.
Avvalroq Turkiyadagi zilzila fojiasi fonida 13 nafar o‘zbekistonlikni qidirish ishlari davom etayotgani aytilgan edi. Xususan, tabiiy ofat oqibatida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan edi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubi-sharqiy viloyatlarida va Suriyaning bir qancha viloyatida 7,9 (dastlabki ma’lumotlarda 7,4) magnitudali kuchli zilzila sodir bo‘ldi. Keyinroq Turkiyada yana 7,7 magnitudali zilzila yuz berdi. Qo‘shni Suriyada esa halok bo‘lganlar soni 1444 nafarni tashkil etib, 3530 kishi yaralangan edi.
LiveBarchasi