Turkiyadagi zilzila hududidan necha o‘zbekistonlik qidirilayotgani aytildi
Jamiyat
−
07 fevral 2023
22594Turkiyadagi zilzila fojiasi fonida 13 nafar o‘zbekistonlikni qidirish ishlari davom etmoqda. Bu haqda Istanbuldagi Bosh konsullik xabar berdi.
Qayd etilishicha, bugun, 7 fevral kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 dagi ma’lumotlarga ko‘ra Turkiyadagi tabiiy ofat oqibatida 1 nafar O‘zbekiston fuqarosi vafot etgan. 15 nafar o‘zbekistonlik qidirilayotgan edi, bulardan 2 nafari bilan aloqa o‘rnatilib, 13 nafarini qidiruv ishlari davom etmoqda.
Shuningdek, 17 nafar o‘zbekistonliklarni (bulardan 13 tasi sportchilar) zilzila sodir bo‘lgan hududdan Istanbulga kelishlariga yordam ko‘rsatilgan.
Qayd etilishicha, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning topshirig‘iga muvofiq Turkiyadagi zilzila oqibatlarini bartaraf etish maqsadida safarbar etilgan O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi vakillari Hatay viloyatining Ovakent qishlog‘ida qidiruv-qutqaruv ishlarini boshladi. Bu hududda asosan 10 mingdan ortiq etnik o‘zbeklar istiqomat qiladi.
Epimarkazi Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida sodir bo‘lgan ikki kuchli zilzila (7,7 va 7,6 magnitudali) 6 fevral kuni Turkiyaning o‘n viloyatida keng ko‘lamli vayronagarchiliklarga olib keldi. Hatay viloyatida ham jiddiy zarar qayd etilgan.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Turkiyada 3549 kishi yer silkinishi qurboni bo‘lgan, 22 168 kishi jarohatlangan. Vayronalar ostidan 8 mingdan ortiq odam qutqarib olindi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya Kipr va Iroqda ham sezildi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyaning Idlib, Halab, Xama, Latakiya va Raqqa viloyatlarida 1,6 mingdan ortiq odam halok bo‘lgan.
LiveBarchasi