Erdo‘g‘an Istanbulga zilzila xavf solayotganini tasdiqladi
Olam
−
23 mart 2023
12017Turkiya Prezidenti Rajab Toyib Erdo‘g‘an mamlakatning eng yirik megapolisi Istanbul halokatli zilzila xavfi bo‘lishi mumkin bo‘lgan shaharlar qatoriga kirishini tasdiqladi. Bu haqda u kecha, 22 mart kuni o‘zining Twitter’dagi sahifasida tarqatilgan turk OAVlariga bergan intervyusida ma’lum qildi.
“Men Istanbul farzandiman, besh yilga yaqin Istanbul hokimi bo‘ldim. Zilzila xavfi bo‘lmagan shahar yo‘q, jumladan Anqara”, deya seysmologlarning yaqin 10-20 yil ichida Istanbulda halokatli zilzila kutilayotgani haqidagi prognozlariga izoh berib.
Shu bilan birga, Erdo‘g‘an Istanbulda qachon zilzila sodir bo‘lishi mumkinligi haqidagi noto‘g‘ri taxminlar qilinayotganini aytdi.
6 fevral kuni Turkiya janubi-sharqidagi Qahramonmarash viloyatida 7,7 va 7,6 magnitudali zilzilalar sodir bo‘ldi. Yer silkinishlari, so‘ng minglab yerosti silkinishlari respublikaning 11 viloyati va qo‘shni mamlakatlarda sezilgan bo‘lib, ulardan Suriya eng ko‘p jabr ko‘rgan. Tabiiy ofat qurbonlari soni 50 ming kishidan oshdi.
Olimlar nima deyapti?
So‘nggi o‘n yarim yil ichida olimlar xavotirli prognozni tasdiqlovchi yana ko‘plab hisob-kitoblarni nashr etdi (ehtimollik 35 dan 95% gacha, davr 2045 yilgacha, magnitudasi 7,0 dan yuqori). Zilzila magnitudasi nafaqat turkiyalik tadqiqotchilar, balki AQSH Geologiya xizmati mutaxassislari, Italiya, Fransiya, Yaponiya va hatto xalqaro sug‘urta kompaniyalari tomonidan ham bashorat qilingan.
Gap shaharning geografik joylashuvi haqida bormoqda. Istanbul Anadolu va Yevroosiyo tektonik plitalarining tutashgan joyida, Marmara dengizi ostidan oqib o‘tuvchi Shimoliy Anadolu yorig‘ining o‘sha qismidan 15-20 kilometr janubda joylashgan. Bu seysmik xavfni oldindan belgilab beradi. Plitalarning yoriq bo‘ylab harakatlanishi ko‘p asrlar davomida katta zilzilalarga olib kelgan. 500 yildan sal ko‘proq vaqt ichida Istanbulda yirik tabiiy ofatlar 6-7 marta sodir bo‘lgan. Eng halokatli voqealardan biri 1766 yilda, shahar yaqinidagi yoriq shoxchasi singanida kuzatilgan (aynan shu ssenariydan olimlar hali ham qo‘rqishadi).
Istanbul meriyasi tomonidan 2020 yilda seysmologlar ko‘magida tayyorlangan hisobotga ko‘ra, 7,5 magnitudali silkinishlar ta’siridan barcha 39 ta shahar tumanlari turli darajada zarar ko‘radi. Vayronagarchilikning eng katta xavfi metropolning Yevropa qismida, Marmara dengizi qirg‘og‘ida. Masalan, Avjilar tumanida mutaxassislarning hisob-kitoblariga ko‘ra, qurbonlar soni 465 nafarga, jarohatlanganlar esa 1500 dan ortiqqa yetishi mumkin. Tumanning 104 mingdan ortiq aholisi uylaridan ayrilish xavfi ostida. Zaytunburnu tumanida 668 kishi halok bo‘lishi mumkin, 5330 dan ortiq bino qulash xavfi ostida.
Ko‘plab muhim tarixiy binolar (masalan, Ayasofya va Moviy masjid) joylashgan Fotihda tumani yanada jiddiy oqibatlar kuzatilishi mumkin: binolarning 72 foizi zilziladan omon qolmasligi mumkin, u 1500 dan ortiq insonning hayotiga tahdid soladi.
Professor Tuysuz aytgan eng yomon ssenariyga ko‘ra, Istanbul hududining 40 foizi falokat zonasida bo‘ladi va shaharni uradigan sunami balandligi yetti metrga yetadi.
Istanbul meriyasining 2021 yilda taqdim etilgan yana bir hisobotida qayd etilishicha, 7,5 magnitudali zilzila oqibatida taxminan 209 000 ta bino to‘liq yoki qisman vayron bo‘lishi mumkin (shaharda 1,16 mln bor). Bu uch millionga yaqin mahalliy aholining uysiz qolishiga olib keladi. Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, alohida xavf zonasida ko‘p qavatli binolar 2000 yilgacha qurilgan, bugungi kunda olimlar biladigan seysmik xavfni hisobga olmagan. Istanbulda o‘n minglab bunday binolar mavjud. Rasmiylar tabiiy ofatdan yetkazilgan iqtisodiy zararni 17 milliard dollarga baholagan.
Shundan so‘ng shahar hokimligi shahar bo‘yicha yer osti suvlari paydo bo‘lishi xaritasi ishlab chiqilgani, mutaxassislar ushbu suvni jabrlanganlar vaqtinchalik yashash joylari (bular qutqaruv uskunalari va insonparvarlik yordamini yig‘ish punktlari, shuningdek, uysizlar uchun chodirli lagerlar)ga olib kelish ustida ish olib borayotganini ta’kidladi.
Bu, rasmiylarga ko‘ra, vaziyatga qarshi turishga yordam beradigan yagona profilaktika chorasi emas.
Qayd etilishicha, so‘nggi yillarda Istanbulda o‘z-o‘zidan qurilish faol olib borilmoqda. Hokimiyat o‘nlab yillar davomida ehtimoliy ofatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha o‘z rejalarini amalga oshira olmayapti.
Shu bilan birga, Istanbulning 2003 yilda ishlab chiqilgan zilzila oqibatlariga qarshi kurashish bosh rejasi oxirgi marta 2018 yilda yangilangan edi. 2020 yilda shahar zilzila xavfini boshqarish boshqarmasi boshlig‘i Qahramon Tayfun hozirgacha bosh reja talablari bo‘yicha birorta bino qayta qurilmaganini tan oldi, lekin kelajakda 790 mingta bino xavf-xatarni baholashdan o‘tishini va’da qildi. Ba’zi binolar uchun yechim qo‘llab-quvvatlovchi tuzilmalarni mustahkamlash bo‘lishi mumkin, boshqalari uchun – to‘liq rekonstruksiya.
LiveBarchasi