O‘zbekiston zilziladan vayron bo‘lgan Hatayni tiklashda qatnashadi
Jamiyat
−
16 mart 2023
6719O‘zbekiston Turkiyaning vayronkor zilzila sodir bo‘lgan hududlaridan biri – Hatay viloyatining Ovakent hududidagi tiklash va bunyodkorlik ishlarida qatnashmoqchi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Shavkat Mirziyoyev bugun, 16 mart kuni Anqarada Turkiy Davlat Tashkilotining navbatdan tashqari sessiyasidagi nutqida aytib o‘tdi.
Favqulodda vaziyatlarni boshqarish va gumanitar yordam ko‘rsatish borasida ko‘p tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan sammitda tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari – Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va kuzatuvchi davlatlar rahbarlari – Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban, Turkmaniston Xalq Maslahati Raisi Gurbanguli Berdimuhamedov, shuningdek, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi Prezidenti Ersin Tatar ishtirok etmoqda.
“Turkiyada bugun muhtaram Prezident Rajab Toyib Erdo‘g‘an boshchiligida olib borilayotgan tezkor chora-tadbirlarni, jumladan, aholi uchun yuz minglab yangi uy-joylar qurish va infratuzilmani tiklash bo‘yicha g‘oyat muhim reja va dasturlarni alohida e’tirof etishni istardim”, deydi Mirziyoyev.
Uning alohida urg‘ulashicha, zilzila vaqtida zudlik bilan amalga oshirilgan aniq va samarali tadbirlar tufayli ko‘plab odamlarning hayoti va sog‘lig‘i saqlab qolingan, katta miqdordagi mablag‘lar jamlanib, keng ko‘lamli qayta tiklash ishlari boshlangan.
“Bir so‘z bilan aytganda, hozirgi sinovli davrda qardosh turk xalqi o‘zining beqiyos jasorati va mardligi, metin irodasi va yuksak safarbarlik ruhi bilan Turkiya yetakchisi atrofida jipslashmoqda”, deydi O‘zbekiston rahbari.
U sammitga to‘plangan barcha davlatlar rahbarlari nomidan Turkiyaga madadkor bo‘lib, zilzila oqibatida vayron bo‘lgan shahar va qishloqlarni, ijtimoiy va sanoat ob’ektlarini tiklash va yangilarini barpo etish ishlariga bor kuchini yo‘naltirishga tayyorligini bildirdi.
“Biz zilzila markazlaridan biri bo‘lgan va qutqaruvchilarimiz ish olib borgan Hatay viloyatining Ovakent hududidagi bunyodkorlik ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidamiz.
Biz barpo etmoqchi bo‘lgan ko‘rkam uy-joylar, zamonaviy maktab va infratuzilma ob’ektlari kelgusida tom ma’noda yaqin do‘stlik va birdamligimizning yorqin timsoliga aylanishiga aminman”, deydi Mirziyoyev.
U, shuningdek, talafot ko‘rgan hududlardan yoshi ulug‘ insonlar va nuroniylarning O‘zbekistonda sog‘lig‘ini tiklashi va dam olishi, shuningdek, Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Imom Moturidiy, Bahouddin Naqshband obidalarini ziyorat qilishi uchun barcha qulay shart-sharoitlarni yaratib berishni va’da qildi.
“Shu bilan birga, ushbu yoz mavsumida biz Hatay yoshlarining ham O‘zbekistonga tashrifini tashkil etmoqchimiz. Ularning mazmunli hordiq chiqarishlari hamda qadimiy Samarqand, Buxoro va Xiva shaharlariga safarlarini, yurtimizdagi o‘z tengdoshlari bilan qo‘shma tadbirlarni o‘tkazish niyatidamiz”, deya Turkiya Prezidentiga yuzlandi Mirziyoyev.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 6 fevral kuni Turkiyaning janubiy-sharqiy viloyatlarida dahshatli zilzilalar yuz berdi. O‘zbekiston Prezidenti topshirig‘iga ko‘ra, Favqulodda vaziyatlar vazirligining 100 kishidan iborat qidiruv-qutqaruv guruhi tabiiy ofat o‘chog‘i, ya’ni Hatay viloyatiga jo‘natildi. Otryad ishtirokidagi qutqaruv operatsiyasi 2 haftadan ko‘proq davom etdi va shu vaqt ichida qutqaruvchi yigitlar vayronalar ostidan 18 nafar tirik odam va 200 ga yaqin jasadlarni olib chiqdi.
LiveBarchasi