O‘zbekistonlik qiz Koreyadagi nufuzli turnir g‘olibi bo‘ldi
Sport
−
04 avgust 2023
3540Taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Charos Qayumova Koreyada bo‘lib o‘tayotgan xalqaro turnir g‘olibiga aylandi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, kecha, 3 avgust kuni Koreya Respublikasining Muju shahrida bo‘lib o‘tayotgan taekvondo WT bo‘yicha xalqaro “Kimunyong Cup“ turniri doirasida -53 kilogramm vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Charos Qayumova oltin medalni qo‘lga kiritgan.
Charos Qayumova musobaqada dastlab Yaponiya, yarim finalda Vetnam, finalda esa Koreya terma jamoasi a’zolarini mag‘lubiyatga uchratdi va musobaqada o‘z vazn toifasi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Mazkur musobaqa G1 tasnifidan o‘rin olgan bo‘lib, unda g‘oliblikni qo‘lga kiritgan o‘zbekistonlik taekvondochi qiz endilikda 10 reyting ochkoni ham o‘z hisobiga yozdirib qo‘ygan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq taekvondo WT bo‘yicha O‘zbekiston terma jamoasi yetakchilaridan biri Svetlana Osipova Butunjahon yozgi Univerciada o‘yinlarining bronza medalini qo‘lga kiritgani haqida xabar berilgan edi. Shuningdek, ushbu 2 avgust kungi bellashuvlarda 3 nafar O‘zbekiston vakili sovrindor bo‘lgani xabar qilingandi. Jumladan, taekvondochilardan Feruza Sodiqova kumush, Najmiddin Qosimxojiyev bronza medaliga ega chiqdi. Shuningdek, ushu bahslarida omadini sinab ko‘rgan Azizbek Isroilov ham shohsupaning 3-pog‘onasidan joy oldi.