O‘zbekistonlik chegarachi Afg‘oniston bilan chegaradagi otishmada o‘ldirildimi? TIV bayonot berdi

Jamiyat

image

Ayrim ijtimoiy tarmoqlarda bugun, 4 may kuni o‘zbek-afg‘on chegarasida otishma sodir bo‘lgani va uning oqibatida O‘zbekiston Respublikasi Davlat xavfsizlik xizmati Chegara qo‘shinlari harbiy xizmatchilari halok bo‘lgani haqida xabarlar tarqalmoqda. 

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi mazkur xabarlar yuzasidan bayonot berdi.

Vazirlikning ma’lum qilishicha, tarqatilgan xabarlar umuman haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Chegarada vaziyat osoyishtaligicha qolmoqda, janubiy sarhadlarni qo‘riqlash odatdagi tartibda olib borilyapti.

“Afg‘oniston Muvaqqat hukumati rasmiy vakili Zabihulla Mujohid ham turli internet nashrlarida paydo bo‘lgan maqolalarni yolg‘on va asossiz deb atadi.

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi ommaviy axborot vositalarini jurnalist etikasiga qat’iy rioya qilish, o‘z manbalarida noto‘g‘ri va tekshirilmagan ma’lumotlarni joylashtirishdan saqlanishga chorlaydi”, deyiladi vazirlik bayonotida.

Eslatib o‘tamiz, kuni kecha O‘zbekistonning uchuvchisiz boshqariladigan uchish apparatlari Afg‘oniston havo hududini buzib o‘tgani haqidagi xabar tarqalgandi. Mudofaa vazirligi O‘zbekiston Harbiy-havo kuchlari tomonidan qo‘shni davlatlar havo makonini buzish holatlari bo‘lmaganini ma’lum qildi.

Bundan oldin esa “Tolibon” harakati matbuot kotibi o‘rinbosari Inomulla Samangoniy ISHID ekstremistik guruhi tomonidan O‘zbekistonga berilgan muvaffaqiyatsiz raketa zarbalaridan bir kun o‘tib, mamlakat mudofaa kuchlarining vertolyotlari Afg‘oniston bilan chegarada havo manevrlarini amalga oshirganini aytgan edi. Unga ko‘ra, bu vertolyotlar qirqqa yaqin bo‘lib, Afg‘oniston havo hududida bir necha soat davomida ko‘rinib turgan.


Maqola muallifi

Teglar

TIV

Baholaganlar

752

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing