O‘zbekistonga Xitoydan 1 mln doza vaksina olib kelindi
Jamiyat
−
27 mart 2021
4138Bugun, 27 mart kuni Xitoydan O‘zbekiston olimlari bilan hammualliflikda tayyorlangan koronavirusga qarshi ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasidan 1 mln doza olib kelindi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi – biologik kelib chiqishga ega tibbiy preparat bo‘lib, inson organizmida ma’lum virus yoki bakteriyaga qarshi immunitet hosil qilishi bilan qiymatlidir. ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi Xitoy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan yaratilgan, Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical Co.Ltd farmatsevtika kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan hamda o‘zbekistonlik olimlar bilan hamkorlikda klinik tadqiqotlari olib borilgan koronavirusga qarshi yangi rekombinant vaksinadir.
Xitoy-O‘zbekiston hammuallifligida yaratilgan ZF-UZ-VAC2001 vaksinasini yaratishda koronavirus tashqi oqsili biotexnologik usul bilan sintezlanib olingan bo‘lib, organizmga yuborilganda oqsilga nisbatan immun javob hosil bo‘ladi. Bunday vaksinalar boshqa turdagi vaksinalar bilan solishtirganda, eng yuqori xavfsizlik profiliga ega hisoblanadi.
Bugunga kunga qadar ZF-UZ-VAC2001 vaksinasining III-faza sinovlarida yetti mingga yaqin kishi emlangan bo‘lsa, ularning har biridagi o‘zgarishlar to‘la nazorat qilib borilmoqda. Olib borilayotgan mazkur tadqiqotlar davomida emlangan ko‘ngillilar organizmida vaksinaning jiddiy nojo‘ya ta’sirlari qayd etilmadi. Mazkur vaksina O‘zbekiston hududida III-faza sinov tadqiqotlari o‘tkazilgan yagona vaksinaligi ham muhim ahamiyat kasb etadi.
Avvalroq, Hindistondan 660 ming doza AstraZeneca vaksinasi olib kelingandi. Mamlakatda aprel oyi boshidan koronavirusga qarshi keng ko‘lamli vaksinalash boshlanishi kutilyapti.
LiveBarchasi