O‘zbekistondan xorij valyutalarini olib chiqib ketayotgan shaxs ushlandi
Jamiyat
−
20 Sentabr 2023
4586O‘zbekistondan Qozog‘istonga 5 mlndan ortiq Rossiya rubli va 4 ming AQSH dollari miqdoridagi naqd pulni olib chiqib ketayotgan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Toshkent viloyati bojxona boshqarmasi xabar berdi.
Unga ko‘ra, O‘zbekistondan qo‘shni davlatga o‘tish uchun “G‘ishtko‘prik” chegara postiga piyoda holda kelgan fuqaroning qo‘l yuklari tekshirilganda, uning qo‘l sumkasi ichidan yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasida ko‘rsatilmagan va og‘zaki so‘rovda ma’lum qilinmagan 5 mln 135 ming rubl va 4 ming dollar miqdoridagi naqd xorijiy valyutalar borligi aniqlangan.
“Hozirda yuqoridagi holat yuzasidan bojxona organlari tomonidan surishtiruv harakatlari davom etmoqda”, deyiladi bu haqdagi xabarda.
Ma’lumot o‘rnida, Vazirlar Mahkamasining 2023 yil 4 sentyabrdagi qarori bilan hukumatning ayrim qarorlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilgan edi.
Unga ko‘ra, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirilayotgan va olib chiqib ketilayotgan 100 million so‘m ekvivalentidan ortiq miqdordagi O‘zbekiston naqd valyutasi yoki naqd chet el valyutasi yo‘lovchi bojxona deklaratsiyasini to‘ldirish va bojxona organi xodimiga taqdim etish yo‘li bilan bojxona nazoratidan o‘tkaziladi. Avval bu miqdor 70 million so‘m etib belgilangandi.
Eslatib o‘tamiz, bojxona postidan 18 millionlik dorilarni noqonuniy olib o‘tgan shaxs ushlangandi.
Akobir Sayidov
LiveBarchasi