O‘zbekistondagi qum bo‘ronlarining sababi nimada? Jahon banki tadqiqot o‘tkazdi
Jamiyat
−
05 fevral 2022
12122Sobiq Orol dengizining tubida maydoni 60 ming km2 ga yaqin cho‘l — Orolqum hosil bo‘lgan. Bu yerlarning deyarli yarmi 1,8 million kishi istiqomat qiladigan Qoraqalpog‘iston hududida joylashgan. Bu haqda Jahon bankining “Orol dengizi tubidagi qum va chang bo‘ronlarini kamaytirish uchun O‘zbekistonda landshaftlarni qayta tiklashning ahamiyati” nomli yangi tadqiqotida aytiladi.
Ta’kidlanishicha, so‘nggi bir necha o‘n yilliklar davomida Orolqum qum va chang bo‘ronlari manbaiga aylangan. Har yili Orolqumning qum va chang bo‘ronlari O‘zbekiston va Markaziy Osiyoning boshqa mamlakatlariga 15 million tonnadan 75 million tonnagacha qum, chang va tuz olib keladi.
Natijada tuproq eroziyasi va havoning ifloslanishi atrof-muhitga, inson salomatligi va farovonligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda. Qayd etilishicha, har yili Orolqumdagi qum va chang bo‘ronlari Qoraqalpog‘istonga 44 million dollardan ortiq (hudud yalpi ichki mahsulotining qariyb 2 foizi) iqtisodiy zarar keltirmoqda. Kelgusi 20 yilda ushbu vaziyatni bartaraf etishda harakatsizlik hududga 840 million dollardan ortiq zarar keltiradi. Qum va chang bo‘ronlari inson salomatligi va qishloq xo‘jaligiga salbiy oqibatlarga olib keladi, bu esa yiliga o‘rtacha 11,6 million dollarni tashkil etadi.
“O‘zbekistondagi Orol dengizining qurib qolgan tubining katta qismini qurg‘oqchilikka chidamli va tuproqdagi tuz miqdori yuqori bo‘lgan mahalliy daraxt, butalar va o‘t-o‘lanlarni ekish orqali tiklash mumkin”, deyiladi hisobotda.
Ta’kidlanishicha, agar to‘g‘ri rejalashtirilsa, Orol dengizi tubidagi landshaftlarni tiklash jarayoni Orol dengizining sobiq qirg‘oqlaridan 100-200 kilometrgacha bo‘lgan masofada havo ifloslanishining sezilarli darajada kamayishiga olib kelishi mumkin. Bu mahalliy aholi salomatligi va farovonligini oshirishga olib keladi.
Orolqumdagi landshaftlarni tiklash bo‘yicha chora-tadbirlar esa yiliga 39 million dollarga yaqin (Qoraqalpog‘iston yalpi ichki mahsulotining 1,9 foizi) qo‘shimcha foyda keltirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning 4 noyabr kuni O‘zbekistonning qator hududlarida, jumladan, Toshkent shahri, Sirdaryo va Buxoro viloyatlarida kuchli shamol esib, qumli bo‘ronlar hosil bo‘ldi. Ko‘rish darajasi 500-1000 metrgacha pasaydi. Buning oqibatida tuproqning juda quruq ustki qatlami ko‘tarilib, atmosfera havosidagi chang miqdori belgilangan me’yordan 30 barobar oshdi.
Shamol avj olgan mahalda AQSHning Toshkentdagi elchixonasiga o‘rnatilgan havoning ifloslanishini aniqlash moslamasi poytaxt havosini “o‘ta nosog‘lom”, deb baholadi.
LiveBarchasi