To‘qayev Kaspiy masalasida jahon hamjamiyatiga murojaat qildi

Jamiyat

image

Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev jahon hamjamiyatini sayozlashib borayotgan Kaspiy dengizini saqlab qolishga chaqirdi. Bu haqda u bugun, 13 dekabr kuni Turkmanistonning Ashxobod shahrida bo‘lib o‘tayotgan 2025 yil “Xalqaro tinchlik va ishonch yili” deb e’lon qilinganiga bag‘ishlangan xalqaro forumda so‘z ochdi.

Qozog‘iston rahbarining so‘zlariga ko‘ra, suv xavfsizligini ta’minlash alohida e’tiborni talab qiladi.

“Yuqorilab borayotgan suv tanqisligi sharoitida suvni saqlash va oqilona foydalanish mamlakatimiz uchun, shuningdek, mintaqadagi boshqa davlatlar uchun strategik, hatto hayotiy muhim ustuvor yo‘nalishga aylandi. Transchegaraviy suvdan foydalanishdagi muammolar, Orol va Kaspiy dengizlarining ekologik holati zudlik bilan choralar va qarorlarni talab etmoqda.

Bizning fikrimizcha, o‘zaro murosaga asoslangan hamkorlik orqali Orolni qutqarish xalqaro fondining samaradorligini oshirish mumkin. Bu jarayonga Rossiyani kuzatuvchi sifatida jalb etish ham yordam beradi”, deydi To‘qayev.

Kaspiyga oid masalada u hozirgi sur’atda suvning kamayishi xavfli jarayon ekani, u qaytarib bo‘lmas darajaga yetishi va ekologik, ijtimoiy-iqtisodiy hamda siyosiy oqibatlar zanjirini keltirib chiqarishi mumkinligini qayd etgan.

“Qozog‘iston Kaspiy ekotizimining yemirilishi va suvning kamayishini oldini olishga qaratilgan maxsus davlatlararo dastur ishlab chiqish tashabbusi bilan chiqqan. Butunjahon hamjamiyatini ushbu noyob suv havzasini saqlab qolish borasidagi sa’y-harakatlarimizni qo‘llab-quvvatlashga chaqiramiz”, deydi Prezident.

Qosim-Jomart To‘qayevning fikricha, global suv diplomatiyasini rivojlantirish davlatlararo yaqin koordinatsiyani talab etadi.

“BMT tizimida faqat suv masalalariga ixtisoslashgan tuzilma mavjud emas. Shuning uchun Qozog‘iston turli BMT tashkilotlarining mavjud mandatlarini birlashtira oladigan Xalqaro suv tashkilotini tuzishni taklif qilmoqda.

Eng maqbul variant — UN-Water idoralararo mexanizmini BMTning to‘laqonli maxsus agentligiga yoki tashkilotiga aylantirish bo‘lishi mumkin. Bunday tashabbus BMTning barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos keladi va albatta, butun xalqaro hamjamiyat manfaatlariga xizmat qiladi”, deydi Qozog‘iston rahbari.

U, shuningdek, kelasi yilning aprel oyida Ostonada mintaqaviy ekologik sammit bo‘lib o‘tishini, unda global suv tashkilotini tuzish bo‘yicha xalqaro maslahatlar jarayonini boshlash rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgan.

“Ishonchim komil, umumiy siyosiy iroda tufayli suv kun tartibiga oid hayotiy muhim masalalar hozirgidek bo‘lak-bo‘lak emas, tizimli tarzda hal etila boshlaydi”, deydi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kaspiy dengizi sathi butun kuzatuv davrida minimal darajadan pastga tushgani, Boltiqbo‘yi balandligi tizimiga ko‘ra minus 29 metrdan kam bo‘lgani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Teglar

Orol dengizi Qosim-Jomart To'qaev Kaspiy dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing