Qozog‘iston Orol dengiziga rekord miqdorda suv jo‘natmoqchi

Olam

image

Qozog‘iston Orol dengiziga rekord miqdorda suv yo‘naltirmoqchi. Bu haqda Qozog‘iston Respublikasi Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vazirligiga tayanib, “TengriNews” xabar berdi.

Bildirilishicha, Qozog‘iston Orol dengiziga suv jo‘natish va ko‘kalamzorlashtirish ishlarini ko‘paytirish orqali ekotizimni saqlab qolish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirmoqda.

“2024 yil oktyabr oyidan joriy yilning yanvarigacha Shimoliy Orol dengiziga 1 milliard kub metr suv jo‘natildi. Bu avval rejalashtirilgan hajmdan 100 million kub metrga ko‘pdir. Markaziy Osiyo davlatlari bilan erishilgan kelishuvlar tufayli 2025 yil mart oyi oxirigacha Shimoliy Orolga jami 1,6 milliard kub metr suv jo‘natiladi.

2022 yil boshida Shimoliy Orol dengizidagi umumiy suv hajmi 18,9 milliard kub metrni tashkil qilgan bo‘lsa, bugungi kunda 22,1 milliard kub metrni tashkil  qiladi. Dengizdagi suv hajmi 2025 yil oxiriga kelib 23,4 milliard kub metrgacha oshishi kutilmoqda”, deyiladi vazirlik xabarda.

Shuningdek, Shimoliy Orol dengizi hajmi va maydonining ko‘payishi suvning minerallashuvini kamaytirish va 22 turdagi baliqlarning populyatsiyasini tiklash imkonini berishi ham qo‘shimcha qilingan.

“Shimoliy Orol dengizi maydoni kengayishda davom etmoqda. Bugungi kunda u 3065 kvadrat kilometrni tashkil etadi. Bu 2022 yil boshiga nisbatan 111 kvadrat kilometrga ko‘pdir.

“Ko‘korol to‘g‘onini saqlab qolish va Sirdaryo deltasini tiklash” loyihasi yakunlanmoqda. Yil oxiriga qadar Shimoliy Orol dengizini Katta Orol dengizidan ajratib turuvchi Ko‘korol to‘g‘onini rekonstruksiya qilishni yakunlash rejalashtirilgan. Loyihaning amalga oshirilishi Shimoliy Orol dengizini saqlab qolish va suvning sho‘rlanishini kamaytirishga xizmat qiladi”, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 5 fevral kuni O‘zbekiston Suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev hamda Qozog‘iston Suv xo‘jaligi va irrigatsiya vaziri Nurjan Nurjigitov imzolagan hujjatga ko‘ra O‘zbekiston joriy yilning 1 oktyabriga qadar Qozog‘istonga 16 milliard kub metr suv jo‘natishiga kelishilgandi.

Bunyod Keldiboyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Qozog'iston Orol dengizi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing