Toshkent chang ichida qoldi. Buning sababi nima?
Jamiyat
−
18 may 11015 2 daqiqa
Kecha, 17 may kuni Toshkent shahrida kuchli chang bo‘roni kuzatildi. Shahar aholisini bezovta qilgan bu tabiiy hodisa ijtimoiy tarmoqlarda ko‘plab muhokamalarga sabab bo‘ldi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Baxtiyor Po‘latov ushbu voqea bo‘yicha mutaxassis fikri asosida tushuntirish berdi.
Atrof-muhit va tabiatni muhofaza qilish texnologiyalari ilmiy-tadqiqot instituti doktoranti Botir Xolmurodovning fikriga ko‘ra, Toshkentda chang bo‘ronining yuzaga kelishiga bir nechta omillar sabab bo‘lgan. Eng asosiy sabab – salqin shimoliy havo oqimi va janubdan kirib kelayotgan issiq havo massasining to‘qnashuvi, bosimning noodatiy ortishi va keskin shamol kuchayishidir. Bu havo massalari o‘rtasidagi keskin harorat farqi kuchli shamolni keltirib chiqargan.
Ta’kidlash joizki, shamol tezligi ayrim hududlarda 20 m/s dan oshgani aytilmoqda. Kuchli shamol o‘z navbatida qurigan tuproqdan va ochiq yer maydonlaridan chang zarrachalarini ko‘tarib, havo muhitiga tarqatdi. Oqibatda shaharning turli nuqtalarida ko‘rish masofasi qisqarib, nafas olish qiyinlashgan. Ob-havo sharoitini o‘rganayotgan ekspertlar bu holatni “frontal to‘qnashuv” deb ataydi. Ya’ni sovuq va issiq havo massalari bir joyda to‘qnashganida atmosfera beqarorlashib, kuchli shamol va chang ko‘tarilishi ehtimoli keskin ortadi.
“Aynan shu jarayon Toshkentda bulutli osmon, chaqmoq va qisqa muddatli yog‘ingarchilik bilan birga kechdi”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, kecha 17 may kuni Toshkent shahri dunyoning yirik shaharlari orasida havoning ifloslanish darajasi bo‘yicha 1-2-o‘ringa chiqqan edi. Kuchli shamol sabab Toshkent shahrida 8,5 ming, Toshkent viloyatida 10,3 ming abonent vaqtincha elektr energiyasidan uzilgandi.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr