O‘zbekistonda yangi jarima joriy qilinyapti

Jamiyat

image

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bugun, 16 aprel kuni bo‘lib o‘tgan majlisida deputatlar “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini atroflicha muhokama qildi.

“Bugungi kunda belgilangan tartib-taomilga binoan hozirda tomorqaga qanday ekin ekish aholining o‘z takliflari asosida shakllantiriladi. Biroq shunga qaramay tomorqa egasi u yoki bu mahsulotni yetishtirishni o‘zi rejalashtirsa-yu, amalda uni bajarmasa, bu holat oziq-ovqat zahirasini shakllantirishga ham salbiy ta’sir qiladi va albatta bunday loqaydlik o‘z jazosini olishi shart”, deya ta’kidlangan quyi palata matbuot xizmati xabarida.

Shundan kelib chiqib, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha bilan ushbu kodeksni yangi 65-1-modda bilan to‘ldirish taklif qilinyapti. Unga muvofiq, tomorqa yerlardan unumli foydalanmaganlik uchun ma’muriy javobgarlik belgilanmoqda.

Ya’ni, tomorqaga o‘z tanlovi asosida biron-bir qishloq xo‘jalik ekini ekmagan fuqarolar, avval ogohlantiriladi. Keyin bazaviy hisoblash miqdorining bir baravaridan uch baravarigacha miqdorda jarimaga solinadi. Agar mazkur holat ma’muriy jazo chorasi qo‘llanilganidan keyin bir yil davomida takroran sodir etilsa, bu qiymat uch baravaridan besh baravarigacha miqdorda bo‘lishi belgilanmoqda.

O‘zbekiston Prezidenti joriy yilning 8 aprel kuni koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashishda joylardagi ishlar natijadorligi tahlili hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, aholi bandligi va daromadini oshirishning muhim manbai bo‘lgan tomorqachilikni rivojlantirishga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi tomorqadan samarali foydalanmayotgan xonadon egalari rasman ogohlantirilishi, undan keyin ham ekin ekmaganlarga yer solig‘i oshirilgan stavkada qo‘llanilishi lozimligini aytgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qonunchilik palatasi jarima

Baholaganlar

1012

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing