O‘zbekistonda yana bir kishi koronavirusdan vafot etdi
Jamiyat
−
13 may 2020
17666O‘zbekistonda koronavirusga chalingan bemorlardan yana biri vafot yetdi. Mamlakatda ushbu xastalik qurbonlari 11 nafarga yetdi. Navbatdagi o‘lim holati Samarqand viloyatida qayd etilgan. Bu haqda bugun, 13 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, toyloqlik O‘. shu yilning 9 may kuni burnidan qon ketishi va umumiy ahvoli og‘irligi kuzatilgani sababli Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Samarqand viloyat filiali jonlantirish bo‘limiga yotqizilgan. O‘tkazilgan diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda COVID-19 infeksiyasi ham aniqlangan.
Ushbu bemor (erkak) surunkali buyrak yetishmovchiligi va anemiya og‘ir darajasi tashxisi bilan dispanser nazoratida bo‘lgan. Unga ikkinchi guruh nogironlik ham belgilangan. Shu yilning 28 aprelidan 5 mayigacha u yuqorida keltirilgan tashxis bilan tibbiyot muassasasida davolangan, muntazam rejali dializ seanslarini olib kelgan. Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatdagi nufuzli mutaxassislar bilan birga xorijlik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.
“Biroq mutaxassislarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi“, deyiladi SSV xabarida.
Eslatib o‘tamiz, ayni paytda O‘zbekistonda koronavirus aniqlanganlar soni 2596 nafarni tashkil qilib, sog‘aygan va vafot etganlardan tashqari, jami 509 nafar bemor davolanmoqda.
LiveBarchasi