O‘zbekistonda yagona QR kod orqali to‘lovlar majburiy bo‘ladi
Jamiyat
−
11 dekabr 3824 1 daqiqa
O‘zbekistonda savdo va xizmat ko‘rsatish sohasida faoliyat yurituvchi barcha korxonalar uchun elektron to‘lovlarni qabul qilishda yagona QR-kod joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning 10 dekabrda qabul qilingan “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Qayd etilishicha, 2026 yil 1 yanvardan boshlab barcha kompaniyalar banklarda generatsiya qilingan yagona QR-kod orqali elektron to‘lovlarni qabul qiladi. 2026 yilning 1 iyulidan ushbu talab majburiy bo‘ladi va QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish sifatida baholanadi.
Farmonga ko‘ra, 2026 yildan 1 ta tashqi savdo shartnomasi doirasida aynan bir xil turdagi tovarlarga muvofiqlik va ekologik sertifikat 1 yildan oshmagan muddatga 1 marotaba beriladi.
Shuningdek, Prezidentning shu farmoni bilan 2026 yil 1 apreldan ko‘chmas mulk va transport vositalari bilan bog‘liq bitimlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Qiymati 25 mln so‘mdan yuqori bo‘lgan tovarlar va xizmatlar, benzin sotib olish va boshqalar uchun to‘lovlar ham naqd pulsiz shaklga o‘tkaziladi.