O‘zbekistonda o‘tgan yili qancha inson yong‘in qurboni bo‘lgani ochiqlandi

Jamiyat

image

O‘zbekistonda 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan. Bu haqda 31 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida ma’lum qilindi. 

Qayd etilishicha, ushbu majlisda aholi o‘rtasida is gazidan zaharlanish holatlarining oldini olishga oid qonunchilikka rioya qilinishi holatini o‘rganish natijalari, “O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga yong‘inlar profilaktikasi samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun muhokama qilingan.

Shu bilan birga, yong‘inlarning oldini olish sohasida tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilayotganiga qaramasdan, aholining maishiy hayotida va xo‘jalik yurituvchi sub’ektlar faoliyatida yong‘inlar bilan bog‘liq og‘ir oqibatli noxush hodisalar ro‘y berayotgani ta’kidlangan.

Jumladan, 2023 yilda 10 204 ta yong‘in hodisasi yuz berib, unda 251 nafar fuqaro jabrlangan, shundan 79 nafari vafot etgan, shuningdek, jismoniy va yuridik shaxslarga 270,4 mlrd so‘mlik zarar yetkazilgan.

Shundan faqatgina 2023 yilning o‘zida tadbirkorlik sub’ektlariga tegishli ob’ektlarda 797 ta yong‘in sodir bo‘lgan.

Hududlarda ro‘y bergan yirik yong‘inlar sabablarini o‘rganish bo‘yicha tuzilgan Hukumat komissiyasi qayd etishicha, davlat yong‘in nazorati organlarining vakolatlari yetarli emasligi sababli ular tomonidan yong‘inning oldini olish bo‘yicha ta’sirchan choralar ko‘rilmasdan qolayotganligi qayd etilgan. Shu bois Favqulodda vaziyatlar vazirligi tomonidan muhokama qilinayotgan qonun ishlab chiqildi va parlamentga kiritildi.

Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘rmonlarda yong‘in xavfsizligi talablarini buzish yong‘in chiqishiga olib kelgani uchun ma’muriy javobgarlik belgilashni, shaxslarning ehtiyotsizligi yoki yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzgani tufayli uy-joy fondida odamlarning sog‘lig‘iga zarar yetishi yoxud o‘zganing mol-mulki shikastlanishi yoki uning yo‘q qilinishi bilan bog‘liq bo‘lmagan tarzda yong‘in sodir bo‘lganda bunday shaxslarni javobgarlikdan ozod qilishni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlar kiritilmoqda.

Qonun yuzasidan jamoatchilik vakillari, mutaxassislar, ekspertlar, prokuratura organlari xodimlari muhokamada faol ishtirok etib, o‘z taklif va mulohazalarini bildirgan. Majlis so‘nggida qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilingan.


Maqola muallifi

Teglar

yong'in O'zbekiston

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing