O‘zbekistonda sement zavodlarini qurish to‘xtatib qo‘yiladi – Ekologiya vaziri
Jamiyat
−
31 yanvar
6261O‘zbekistonda yangi sement zavodlari qurishga moratoriy e’lon qilinishi mumkin. Bu haqda kecha, 30 yanvar kuni Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vaziri Aziz Abduhakimov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi majlisida ma’lum qildi.
“Hozir mana qaror qabul qilindiki, O‘zbekistonda yangi sement zavodlarini qurishga moratoriy e’lon qilamiz, ya’ni to‘xtatib qo‘yamiz”, deydi Abduhakimov.
Vazirning aytishicha, bugungi kunda O‘zbekistonda 47 ta sement zavodi mavjud bo‘lib, shundan 23 tasi vaqtincha to‘xtatilgan. Qolganlaridan 90 foizining faoliyati ekologik talablarga javob bermaydi. Ularga ogohlantirish berilgan.
“Sement zavodlari havoga juda katta miqdorda zararli moddalar chiqaradi. Asosiy xomashyosi tosh bo‘lgani bois tog‘li hududlarda joylashgan. Bu esa ham tabiatga, ham turistik zonalarga, ham aholiga qiyinchilik tug‘diryapti. 1 ta sement zavodining ta’sirida o‘sha atrofdagi barcha o‘simlik va daraxtlar usti qalin plyonkasifat chang bilan qoplangan. O‘rganganimizda, bu kabi holatlarga qonunchiligimizda bor-yo‘g‘i 100-200 million so‘m jarima qo‘llanilar ekan. Endilikda bu kabi holatlarda kamida 10 milliard so‘m jarimani yo‘lga qo‘yamiz. Buning natijasida ana shunday zavodlar zamonaviy, gaz, chang zarralarini ushlab qoladigan uskunalarni o‘rnatishga majbur bo‘ladi”, deydi vazir.
U oldin bekor qilingan ekologik ekspertiza yana joriy etilganini eslatdi. Uning aytishicha, hudud tanlashda, qurilishda loyiha-smeta hujjatlarini tasdiqlashda ekologik ekspertiza masalalari bekor qilingan edi. Tegishli qaror bilan 2023 yil 1 noyabrdan boshlab yana ekologik ekspertiza qayta tiklandi.
“Bu ekspertizasiz yangi zavodlar qurilmaydi, degani. Hozirda sement zavodlarining quvvati O‘zbekiston ehtiyojidan karrasiga ko‘p. Bu masala hukumatda ham ko‘rib chiqilib, qaror qabul qilindi”, deydi vazir.
Eslatib o‘tamiz, shu majlisda Aziz Abduhakimov Toshkent shahri havosidagi PM 2,5 zarralarining 60-65 foizi AI-80 benzinida yuradigan mashinalardan chiqadigan zarrachalar hisobiga ko‘payganini aytgandi.
LiveBarchasi