O‘zbekistonda tadbirkorlar 3 oy litsenziyasiz ishlashi mumkin bo‘ladi
Jamiyat
−
16:48 475 1 daqiqa
O‘zbekistonda tadbirkorlar ayrim faoliyat turlarini litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan turib 3 oy davomida amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Bu haqda Prezident kecha, 13 avgust kuni imzolagan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga tadbirkorlik faoliyati erkinligining kafolatlarini mustahkamlashga hamda tadbirkorlik sub’ektlarini qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi qonunda so‘z boradi.
Qonunga ko‘ra, litsenziya yoki ruxsat etish xususiyatiga ega hujjatlarni “Biznesga litsenziyasiz kirish” maxsus rejimi doirasida olish tartibi belgilangan. Unga muvofiq talabgor maxsus elektron tizim yoki Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali (YAIDXP) orqali vakolatli organni bepul xabardor qilgan holda faoliyatini litsenziya yoki ruxsatnoma olmasdan boshlashi mumkin.
Mazkur rejimning amal qilish muddati 3 oy etib belgilangan. Shu davr ichida tadbirkor litsenziya yoki ruxsat etuvchi hujjatsiz faoliyat yuritgani uchun javobgarlikka tortilmaydi.
Qayd etilishicha, tadbirkor ushbu muddat davomida o‘z faoliyatini litsenziya va ruxsat berish talablariga moslashtirishi, so‘ngra tegishli hujjatlarni rasmiylashtirishi yoki faoliyatini to‘xtatishi kerak bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ishlab chiqaruvchi va eksportchilar uchun to‘lov hamda yig‘imlar keskin kamaytirilishi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi