Markirovkalash qoidasini ilk bor buzgan tadbirkorlar endi jarima to‘lamaydi
Jamiyat
−
10:40 437 2 daqiqa
O‘zbekistonda markirovkalash talablarini buzgan tadbirkorlar uchun javobgarlik yengillashtirilishi kutilmoqda. Bu haqda mamlakat rahbarining “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tadbirkorlar bilan VI ochiq muloqotida belgilangan vazifalarni amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida so‘z boradi.
Hujjatga ko‘ra, joriy yilning noyabrigacha markirovkalash qoidalarini buzganlik uchun javobgarlik choralarini yengillashtirishga qaratilgan qonun loyihasi ishlab chiqiladi. Unda, xususan, chakana savdo va umumiy ovqatlanish sohasidagi tadbirkorlar uchun jarimalarni qat’iy miqdorda belgilash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, markirovkalash talablari ilk bor buzilgani aniqlanganida ogohlantirish tartibini joriy etish taklif qilinmoqda.
Ya’ni tadbirkorga birinchi qoidabuzarlikning o‘zi uchun darhol jarima solish o‘rniga, kamchilikni bartaraf etish imkoniyati beriladi.
Farmonda mehmonxona va umumiy ovqatlanish korxonalari faoliyatiga taalluqli yana bir yengillik ham belgilangan. Unga ko‘ra, bunday tadbirkorlar suv va salqin ichimliklar, pivo hamda tamaki mahsulotlarini xarid qilganda, ushbu mahsulotlarning raqamli markirovka kodlari korxonada yakuniy iste’molchiga sotilgan deb e’tirof etiladi.
Farmonda tadbirkorlar uchun jarimalarni qo‘llashning umumiy tartibini ham yumshatish ko‘zda tutilgan. Xususan, birinchi marta qoida buzgan, biroq fuqarolar hayoti va sog‘lig‘i yoki boshqa shaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazmagan tadbirkorga jarima solinmasdan, kamchilikni tuzatish uchun 10 kun muddat berish nazarda tutilmoqda.
Ma’lumot uchun, markirovkalash qoidalariga oid o‘zgarishlar hozircha taklif bosqichida. Tegishli qonun loyihasi 2026 yil noyabrigacha ishlab chiqilishi belgilangan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda suv va gazli ichimliklarga qo‘yilgan yangi markirovka tizimi (ya’ni, mahsulotni kuzatib borish tizimi) hozircha majburan joriy qilinmasligi haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi