Vazirliklar o‘rtasidagi “koptok o‘yini”ga chek qo‘yiladi: Biznesga oid qonunlar endi boshqacha qabul qilinadi

Biznes

Reklama
0:00

Endi tadbirkorlikka oid qonun loyihalarining barchasida bevosita biznes egalarining o‘zlari qatnashadi, idoralar o‘rtasidagi hujjatbozlik sababli vaqt yo‘qotilmaydi. Bu haqda 14 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan Prezident huzuridagi tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha Jamoatchilik kengashining yig‘ilishida ma’lum qilindi.

Biznes va jamiyat uchun o‘ta muhim, shu bilan birga og‘riqli bo‘lgan masalalar atroflicha muhokama qilingan yig‘ilish Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev hamda O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov boshchiligida o‘tkazildi.

“Prezident huzuridagi Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida kengash faoliyatini samarali tashkil etish, uning zimmasiga yuklatilgan asosiy vazifalar hamda tadbirkorlar manfaatlarini himoya qilishda tutgan o‘rni atroflicha muhokama qilindi. Yig‘ilish kun tartibidagi markaziy mavzulardan biri – Davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan o‘tkazilgan ochiq muloqotidagi topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida qabul qilingan PF–175-sonli Prezident Farmoni bo‘ldi. Mazkur farmonga muvofiq, 61 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqish belgilangan”, deydi Biznes-ombudsman Abdumannop Bo‘riyev.

Yangi tarkib 40 nafar a’zodan iborat bo‘lib, undan turli sohalarda faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar, jamoatchilik vakillari, iqtisodchilar, huquqshunoslar hamda sohaviy ekspertlar o‘rin olgan.

“Biznesda vaqt omili odatda bevosita moliyaviy manfaatlar bilan belgilanadi. Qabul qilinayotgan har bir yengillik, imtiyoz yoki yengillashtiruvchi tartib qanchalik vaqtliroq kuchga kirsa, tadbirkor shunchalik ertaroq yangi qulayliklardan foydalana boshlaydi va o‘zini rivojlantirishga qo‘shimcha imkoniyat oladi. Yangi tartibning 1 dekabrdan yoki 1 noyabrdan kuchga kirishi o‘rtasidagi farq – bu biznes uchun muhim vaqt va yutuqdir. Aynan shu bois, Jamoatchilik kengashining navbatdagi yig‘ilishida Prezident farmoni bilan tasdiqlangan 89 ta banddan iborat dastur ijrosini maksimal darajada jadallashtirish masalasi atroflicha muhokama qilindi”, deydi Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vahobov.

Tadbirda farmonda ko‘rsatilgan topshiriqlar ijrosiga mas’ul bo‘lgan 30 ga yaqin vazirlik va idoralarning vakillari ham ishtirok etdi.

“Jamoatchilik kengashi shunchaki navbatdagi maslahat organi emas – bu, eng avvalo, mamlakatimizdagi bir milliondan ortiq tadbirkorlarning yagona va ta’sirchan ovozidir. Kengash ortida yuz minglab tashabbuskor biznes vakillari turadi va ularning manfaati har bir qaror markazida bo‘lishi kerak. Bugungi kunda tadbirkorlik sohasiga oid har bir qonunchilik tashabbusi va me’yoriy-huquqiy hujjat loyihasi bevosita Jamoatchilik kengashida atroflicha muhokamadan o‘tkazilmoqda. Bunda asosiy e’tibor hujjatning tartibga solish ta’sirini oldindan baholashga qaratilgan. Ya’ni, ishlab chiqilayotgan loyiha amaliyotda qanday ishlaydi? Undagi har bir band va “vergul” biznesni rivojlantirishga xizmat qiladimi yoki aksincha, to‘siq bo‘ladimi?”, deydi Biznes-ombudsman.

Endilikda tashabbus to‘liq biznes vakillarining qo‘liga o‘tmoqda. Tadbirkorlar o‘zlarini qiynayotgan masalalarni o‘rtaga qo‘yib, Davlat rahbari farmonida belgilangan vazifalar ijrosini tezlashtirishga bevosita hissa qo‘shadilar.

Loyihalarni oylab turli vazirliklar o‘rtasida yuborish, qaytarish va vaqt yo‘qotish, soddaroq aytganda idoralar o‘rtasida koptoklarni bir-biriga uzatishdek muammoni yechish Jamoatchilik kengashining asosiy maqsadidir.

“Amaldagi tartibga ko‘ra, muayyan hujjat loyihasini ishlab chiqishga mas’ul bo‘lgan vazirlik uni tayyorlab, kamida to‘rt-beshta boshqa idora va vazirliklar bilan kelishuvdan o‘tkazadi. Bu jarayon oylab vaqtni oladi. Hujjat Adliya vazirligiga kiritilishidan oldingina Jamoatchilik kengashiga xulosa uchun taqdim etiladi. Biroq, agar Kengash loyihaga e’tiroz bildirsa yoki konseptual o‘zgartirishlar taklif etsa, ortda qolgan ikki oylik mehnat va vaqt besamar ketib, jarayon yana boshidan boshlanishiga to‘g‘ri keladi. Mazkur byurokratik g‘ov va vaqt yo‘qotishlarga chek qo‘yish maqsadida Biznes-ombudsman va Savdo-sanoat palatasi boshchiligida Jamoatchilik kengashi faoliyatiga tubdan yangicha yondashuv joriy etilmoqda”, deydi Davron Vahobov.

Kengash ortida 1 milliondan ortiq tadbirkorlar vakillari turadi. Bu institut tadbirkorlar ovozini bevosita qaror qabul qiluvchilarga yetkazadi. Moliyaviy va ijtimoiy ko‘rsatkichlarni shunchaki “qog‘ozda yoki qo‘lda sanab” soxtalashtirishga chek qo‘yilib, real va manzilli natijadorlikka o‘tiladi. Qarorlarning vaqtida va to‘g‘ri qabul qilinishi tadbirkorlarga yangi imkoniyatlar ochib beradi.

Telegram | Instagram | Facebook | Youtube


Maqola muallifi

Teglar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing