O‘zbekistonda pasportsiz mehmonxonaga joylashish mumkin bo‘ladi

Jamiyat

image

Endilikda O‘zbekistonda Milliy turizm yagona platformasi orqali mehmonxonada joy band qilayotganda shaxsni tasdiqlovchi hujjatni ko‘rsatmasdan, MyID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tish mumkin bo‘ladi. Bu haqda joriy yilning 15 may kuni qabul qilingan “2025-2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risidagi” Prezident farmonida so‘z boradi.

Unga ko‘ra, joriy yil 1 iyundan boshlab turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi. 

Bunda:

  • platforma orqali joylashtirish vositalarini onlayn band qilgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga shaxsni tasdiqlovchi hujjatsiz MyID tizimi orqali identifikatsiyadan o‘tishga ruxsat beriladi;
  • platformaga ulangan joylashtirish vositalarining shaxsiy kabinetida mehmonni QR kod yoki yuz orqali identifikatsiya qilish imkoniyati yaratiladi.

Yagona milliy turizm platformasiga ulangan mehmonxonalarning shaxsiy kabinetlarida QR kod yoki yuzni tanish tizimi yordamida mehmonlarni identifikatsiya qilish funksiyasi mavjud bo‘ladi.

Joriy yil 1 sentyabrga qadar platforma orqali axborot almashinuvi yo‘lga qo‘yilishi lozim bo‘lgan vazirlik va idoralarning ro‘yxati tasdiqlanadi. U mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun barcha turdagi xizmatlarni, jumladan, turar joyni onlayn band qilish, avtomobil ijarasi va taksiga buyurtma berish, avtobuslar, samolyotlar va poyezdlarga chiptalar sotib olish, muzeylar va attraksionlar, gid va ekskursovod xizmatlarini birlashtirishi ko‘zda tutilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 2027 yil 1 yanvargacha tadbirkorlar tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonalar uchun 1 martalik subsidiya ajratilishi xabar qilingandi.


Maqola muallifi

Teglar

pasport mehmonxona shaxsni tasdiqlovchi hujjat MyID Milliy turizm yagona platformasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing