Modulli mehmonxona qurish uchun beriladigan subsidiya oshiriladi
Jamiyat
−
20 may 4031 2 daqiqa
2027 yil 1 yanvargacha tadbirkorlar tomonidan modulli mehmonxonani qurish va jihozlash xarajatlarining bir qismini qoplash uchun kamida 10 ta moduldan iborat bo‘lgan modulli mehmonxonalar uchun 1 martalik subsidiya ajratiladi. Bu 15 may kuni qabul qilingan “2025–2026 yillarda sayyohlar oqimini keskin ko‘paytirish
va turistik xizmatlar ko‘lamini jadal kengaytirish orqali turizmning iqtisodiyotdagi o‘rni va ahamiyatini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmonida belgilandi.
Farmonga ko‘ra, modulli mehmonxonalar uchun quyidagi miqdorlarda subsidiya ajratiladi:
- I toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 10 mln so‘m;
- II toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 7 mln so‘m;
- III toifadagi modulli mehmonxonadagi har bir joy uchun – 5 mln so‘m.
Qayd etish joiz, 2024 yil oktyabrdan 2026 yil 1 noyabrga qadar bo‘lgan muddatda muvofiqlik sertifikatiga ega yangi tashkil etilgan modulli mehmonxonaga subsidiyalar berilishi belgilangandi. Subsidiya modulli mehmonxonada yaratilgan har bir joy uchun 1 mln so‘mdan belgilanishi kerak edi. Endilikda subsidiya hajmi oshdi.
Shuningdek, respublika miqyosida yoshlar o‘rtasida o‘tkaziladigan sport musobaqalari g‘oliblari qo‘shimcha ravishda “O‘zbekiston bo‘ylab sayohat” yo‘llanmasi bilan taqdirlanishi belgilandi.
Hujjatda qayd etilishicha, 2025 yil 1 iyundan turizm sohasiga oid barcha davlat elektron tizim va platformalari Milliy turizm yagona platformasi doirasida ishlab chiqiladi. 2025 yil yakuniga qadar Samarqand shahrida “Ipak yo‘lida turizm” tematik ofisi tashkil etiladi. 2028 yil 1 yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining turizm yo‘nalishidagi xodimlari malakasini oshirish xarajatlarining bir qismi qoplab beriladi. 2030 yil 1 yanvargacha tibbiy turizm klasterlarining xizmatlari xalqaro turizm va tibbiyot yarmarkalari hamda ko‘rgazmalarida targ‘ib qilinadi.
Live
Barchasi