O‘zbekistonda OITSga chalinganlar soni oshdi
Jamiyat
−
08 iyun 2023
13123O‘zbekistonda Odamning immunitet tanqisligi virusi (OIV) bilan yashab kelayotganlar soni bugungi kunda 48 ming kishidan ortiqni tashkil etmoqda. 2030 yilga kelib O‘zbekistonda OITS kasalligi yuqishiga to‘liq barham berish maqsad qilingan. Bu haqda AOKAda Respublika OITSga qarshi kurash markazi rahbariyati va mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.
Respublika bo‘ylab OIV infeksiyasiga qarshi kurashish Hukumat rahbarligida olib borilmoqda, jumladan, 2018 yilda 3493 va 3800-sonli qarorlar qabul qilindi va ijrosi natijasida esa 63 ta tumanlararo OIV diagnostik laboratoriyalar OITSga qarshi kurash markazlari tasarrufiga o‘tkazilib, zarur tibbiy uskunalar bilan jihozlandi, har bir viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonalari negizida 5 tadan 40 tagacha OIV bemorlarga xizmat ko‘rsatadigan o‘rinlar tashkil etilgan.
So‘nggi 5 yilda OIV infeksiyasiga tekshiruvlar soni 700 mingdan 3,5 millionga yoki 5 barobarga ortgan. Hukumat tomonidan dori vositalarini moliyalashtirish 80 foizni tashkil etgan.
Shuningdek, matbuot anjumanida 18 yoshgacha bo‘lgan OIV infeksiyasiga chalingan bolalar haqida ham to‘xtalib, ularga ijtimoiy nafaqalar berib kelinayotgani aytildi.
“Respublikamizda OIV infeksiyasini onadan bolaga yuqishiga barham berish uchun, har yili bemor onalardan dunyoga kelayotgan (o‘rtacha 600 nafargacha) bolalarni quruq sut aralashmalari bilan uzuluksiz ta’minoti amalga oshirilmoqda. Buning natijasida 99,7% bolalar sog‘lom bo‘lishiga erishilmoqda”, deyilgan xabarda.
Bildirilishicha, 2030 yilga borib OIV epidemiyasiga barham berish uchun, 2025 yilga qadar “95-95-95” strategiyasiga erishish zarurligi ko‘rsatib o‘tilgan bo‘lib, bu strategiyani amalga oshirish uchun OIVga tekshiruvlar sonini yanada oshirilishi talab etiladi. Buning uchun Respublikadagi OITSga qarshi kurash markazlari va tumanlararo laboratoriyalarning ham bir qismida kapital ta’mirlash ishlarini amalga oshirish lozim bo‘ladi. “95-95-95” tamoyiliga ko‘ra, OIV yuqtirgan bemorlarning 95 foizi o‘z statusini bilishi, bemorlarning 95 foizi maxsus terapiya bilan qamrab olinishi, bemorlarning 95 foizida virus yuklamasini past darajaga tushishiga 2025 yilgacha erishish va 2030 yilda OITS kasalligining yuqishiga barham berish maqsad qilib olingan.
Eslatib o‘tamiz, shu yilning fevral oyida e’lon qilingan statistikada OIV kasalligi bilan yashab kelayotganlar soni 45 ming ekani ma’lum qilingandi. Yangi statistika esa mazkur raqam 3 mingga oshganini ko‘rsatadi.
LiveBarchasi