Fijida OIV epidemiyasi: mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi
Olam
−
08:49 1707 2 daqiqa
Fiji hukumati immunitet tanqisligi virusi (OIV) avj olishi sababli mamlakatda favqulodda holat va milliy inqiroz e’lon qildi. Bu haqda “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, 2025 yilda Fijida 2 ming 16 ta yangi OIV yuqtirish holati aniqlangan. Bu bir yil oldingiga nisbatan 27 foizga ko‘p degani. Ushbu davr mobaynida OIVdan 117 kishi vafot etgan, ulardan 18 nafari bir yoshgacha bo‘lgan bolalar bo‘lgan.
Fiji rasmiylari OIV tarqalishiga qarshi kurashish uchun 10 million dollar ajratgan. Butun mamlakat bo‘ylab bepul test topshirish o‘tkaziladi. Hukumat, shuningdek, zarur dori-darmonlarning mavjudligini oshirish va giyohvandlar uchun igna hamda shpritslarni almashtirish dasturini ishga tushirish niyatida.
Fiji aholisi taxminan 900 ming kishini tashkil qiladi. BMTning OIV/OITS bo‘yicha Birlashgan dasturi (UNAIDS) baholashiga ko‘ra, o‘tgan yili 9 ming 100 nafar mahalliy aholida OIV aniqlangan. Shu bilan birga, ularning faqat 39 foizi infeksiya yuqtirganini bilgan va bemorlarning atigi 22 foizi zarur davolanishni olgan.
Tadqiqotlarga ko‘ra, besh yil oldin Fijining har 167-katta yoshli aholisidan birida OIV bo‘lgan. Hozirda OIV har 60-kishida mavjud. Skriningdan o‘tgan homilador ayollar orasida OIV tarqalishi darajasi 2 foizga yetgan.
2025 yilda Fijida 59 nafar bola OIV bilan tug‘ilgan. UNAIDS mutaxassislarining so‘zlariga ko‘ra, fijiliklar asosan jinsiy aloqa orqali (50 foizdan ortig‘i) zararlanadi, 42 foiz holat esa giyohvand moddalarni yuborish uchun ifloslangan shpritslardan foydalanishga to‘g‘ri keladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Prezidenti Donald Tramp mamlakat energetika tizimiga solinayotgan tahdidlar munosabati bilan favqulodda holat joriy etish to‘g‘risidagi farmonni imzolagandi.
Live
Barchasi