OIV balosi: Fiji virus tarqalishini milliy inqiroz deb e’lon qildi
Olam
−
09:18 961 2 daqiqa
Fiji hukumati mamlakatda OIV bilan kasallanish holatlari keskin ko‘paygani ortidan vaziyatni milliy inqiroz deb e’lon qildi. Bu haqda bugun, 17 sentyabr kuni “Reuters” xabar berdi.
Qayd etilishicha, yangi tashxislar soni o‘tgan yili 27 foizga oshgan. Hukumatning ma’lum qilishicha, 2025 yilda 2016 nafar kishida OIV aniqlangan va mamlakatda har 60 nafar katta yoshli kishidan biri virus bilan yashamoqda.
Shuningdek, o‘tgan yili OIV bilan tug‘ilgan 59 nafar chaqaloqning 18 nafari birinchi tug‘ilgan kuniga yetmay vafot etgan.
Mahalliy hokimiyat kengaytirilgan test jarayonlari infeksiya holatlarini aniqlashga va davolashni ertaroq boshlashga yordam berganini bildirdi. Fiji endi bepul, ixtiyoriy va maxfiy testlar, profilaktika dorilari, shuningdek, giyohvand moddalarni in’eksiya orqali iste’mol qiluvchilar uchun zararni kamaytirish xizmatlari va davolash imkoniyatlarini kengaytirmoqchi.
Taxminan 900 ming aholiga ega Fijida yangi OIV infeksiyalari dunyodagi eng tez sur’atlarda ko‘paymoqda. BMTning OIV/OITS bo‘yicha dasturi — UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, 2025 yilda mamlakatda taxminan 9100 kishi OIV bilan yashagan, ularning faqat 39 foizi o‘z maqomini bilgan, 22 foizi esa antiretrovirus terapiyasi olgan.
UNAIDS ijrochi direktori Vinni Byanima Fiji vaziyatning dolzarbligini anglab, unga qarshi choralarni kuchaytirayotganini bildirdi. U bu holat OITS muammosi hali ham dolzarb ekanini dunyoga eslatishini ta’kidladi.
UNAIDS ma’lumotlariga ko‘ra, yuqish yo‘li ma’lum bo‘lgan holatlarning yarmidan ko‘pi jinsiy yo‘l orqali yuqish bilan bog‘liq. 42 foizdan ortiq holat esa giyohvand moddalarni in’eksiya orqali iste’mol qilish bilan bog‘liq bo‘lgan.
Agentlik hukumatning igna va shpritslar almashinuvi dasturini joriy etish hamda OIV yuqish xavfini kamaytiruvchi PrEP profilaktik dorisiga kirish imkoniyatini kengaytirish rejalarini olqishladi.
Fiji hukumati choralarni amalga oshirishdagi to‘siqlarni bartaraf etish uchun besh nafar vazirdan iborat maxsus qo‘mita tuzdi. Hukumat OIV bilan yashayotgan odamlarni kamsitish qonunga zid ekanini va tegishli xizmatlar mamlakat bo‘ylab mavjudligini bildirgan.
Ma’lumot o‘rnida, Fijida har 60 nafar katta yoshli kishidan biri OIV bilan yashayotgani haqidagi ko‘rsatkich Afrikaning ayrim hududlaridagi darajadan past. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, Afrikaning ayrim qismlarida har 35 nafar katta yoshli kishidan qariyb biri OIV bilan yashaydi.
Live
Barchasi“Boysun do‘ppisi” patentlandi
16 sentabr
Ronald Kumanning ayoli 65 yoshida vafot etdi
16 sentabr