O‘zbekistonda koronavirusga chalinish “pik”ka chiqdimi?
Bu qiziq
−
04 iyul 2020
34903Kecha, 3 iyul kuni O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq 318 ta yangi holat qayd etildi va rekord yangilandi. Umuman olganda oxirgi haftada kasallanish holatlari kuniga 250 tadan kam bo‘layotgani yo‘q edi. Xo‘sh, O‘zbekistonda koronavirus bilan xastalanish eng yuqori darajaga chiqdi, deb aytish mumkinmi? QALAMPIR.UZ ushbu savol bilan Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti direktori, professor Erkin Musaboyevga yuzlandi.
“Hozirdan biror narsa deyish qiyin. Aslida karantin hamon amalda, lekin faqat ijtimoiy masofa saqlash – bu karantin emas. Biz ijtimoiy masofa bo‘yicha tadbirlarni davom ettirayotganimizda – uch hafta davomida, ya’ni karantin yumshaganda natijalar kuniga 250-300 bo‘lsa, ana shunda O‘zbekistonda koronavirusga chalinish "pik"ka chiqdi, deb ayta olamiz. Mana, oxirgi hafta kasallanish kuniga 250-270 atrofida bo‘ldi. Yana ikki hafta kutishimiz kerak. Agar raqamlar o‘zgarmasa, ana shunda pik, desak bo‘ladi”, deydi professor.
O‘zbekistonda so‘nggi 10 kunda kasallanish holatlari ko‘payib bormoqda. Bu esa o‘z-o‘zidan karantin choralarining yengillashtirilishi, odamlar tartiblarga qat’iy amal qilmayotgani bilan bog‘liq. Aytaylik, ko‘pchilik ijtimoiy masofani unutmoqda. To‘y-hasham, oilaviy tadbirlarda niqob taqilmayapti. Qo‘l berib so‘rashish, quchoqlashish kabi odatlar yana qaytgan. Erkin Musaboyev bular haqida gapirarkan, yana karantinning kuchaytirilishi kasallanishning vaqtincha kamayishga olib kelishini aytadi. Uning qayd etishicha, raqamlarning o‘sishi odamlar shaxsiy kun tartibida o‘rnatilgan qoidalarga qanchalik rioya qilishiga bog‘liq.
“Karantin choralarini yana kuchaytirsak, yana kasallanish holatlari kuniga 40-50 taga tushadi. Lekin, bu vaqtincha. Karantindan chiqqach, yana kasallanish ko‘payadi”, deydi Musaboyev.
Koronavirus yuqtirib olib, o‘zingiz va oila a’zolaringiz hayotini xavf ostiga qo‘ymang. Quyidagi uch qoidaga muttasil amal qiling:
• Niqob taqishni unutmang.
• Ozodalikka rioya qiling.
• Ijtimoiy masofa saqlang.
LiveBarchasi