O‘zbekistonda koronavirusdan vafot etganlar 10 nafarga yetdi
Jamiyat
−
03 may 2020
15505Namangan viloyatida yana 1 nafar bemor koronavirusdan vafot etdi. Bu haqda bugun, 3 may kuni Sog‘liqni saqlash vazirligi xabar berdi.
Ta’kidlanishicha, Namanganlik M. shu yilning 20 aprelida Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazining Namangan viloyat filiali reanimatsiya bo‘limiga yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi tashxisi bilan yotqizilgan. Yondosh kasalliklari hisobiga u qariyb ikki hafta davomida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. O‘tkazilgan tezkor diagnostik tahlillardan so‘ng bemorda COVID-19 infeksiyasi ham aniqlangan.
Bundan avval esa ushbu bemor (erkak) bosh miya falaji, ikkilamchi kamqonlik og‘ir darajasi, o‘tkir yurak qon-tomir va nafas yetishmovchiligi kabi qator tashxislari bilan davolangan. 29 yildan buyon yotoqdagi bemor bo‘lishi bilan birga birinchi guruh nogironligi ham belgilangan.
Bemorning davolanishi davomida kunlik ahvoli mamlakatimizdagi shu sohaga ixtisoslashgan tibbiyot muassasalarining nufuzli mutaxassislari bilan birga xorijlik, jumladan, xitoylik shifokorlar tomonidan ham bir necha bor konsiliumlar o‘tkazilib, nazoratga olingan.
Biroq pulmonolog, terapevt, kardiolog, virusolog, reanimatologlarning standartlar asosida o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan bemor o‘tkir nafas va yurak qon-tomir yetishmovchiligidan vafot etdi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Hozirgacha mamlakatda koronavirus bilan bog‘liq 2136 ta holat qayd etilgan. Bugungacha bemorlarning 1278 nafari sog‘aygan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi