O‘zbekistonda koronavirusdan o‘lganlar 3 nafarga yetdi
Jamiyat
−
08 aprel 2020
29121Bugun, 8 aprel kuni 40 yoshli koronavirus aniqlangan bemor o‘pka va yurak yetishmovchiligidan vafot etdi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent viloyati Chirchiq shahrida yashovchi fuqaro Sh. shu yilning 30 mart kuni tez tibbiy yordam orqali og‘ir ahvolda viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga yotqizilgan. Unga barcha zarur muolajalar ko‘rsatilgan. Shu yilning 31 mart kuni bemorga ixtisoslashgan tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida respublika Epidemiologiya, mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasiga o‘tkazilgan. Zudlik bilan amalga oshirilgan laborator tahlil natijasi unda koronavirus infeksiyasi borligini tasdiqlagan.
40 yoshli bemor ushbu klinikaning reanimatsiya bo‘limida sun’iy nafas olish apparatida bo‘lgan. Davolanish davrida tibbiyot fanlari doktori, professor A. Xajibayev rahbarligida SSV bosh pulmonologi, professor I. Liverko, yetakchi reanimatologlar D. Sobirov va X. Sattarov ishtirokida videoaloqa orqali kerakli tavsiyalar berib borilgan. Bundan tashqari, davolash standartlariga muvofiq, virusga qarshi, antibakterial, infuzion, mukolitik, simptomatik va respirator terapiya muolajalari ham olib borilgan.
Biroq qator soha mutaxassislarining o‘tkazgan tezkor reanimatsion muolajalariga qaramasdan kecha, 7 aprel kuni oqshom bemorning ahvoli keskin yomonlashgan. Yetakchi reanimatolog va bosh torakal xirurg Sh. Xudoybergenov boshchiligidagi mutaxassislardan kerakli tavsiyalar ham olingan. Berilgan tavsiyalarni to‘liq bajarilishiga qaramasdan bemor Sh.da yurak va o‘pka yetishmovchiligi sabab yurak faoliyati to‘xtashi kuzatilgan.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 534 nafarga yetdi. Bugungacha ularning 30 nafari davolangan, 2 nafari vafot etgandi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi