O‘zbekistonda koronavirus yuqtirganlar ko‘paymadi

Jamiyat

image

Bugun, 23 aprel soat 10:00 holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda koronavirus infeksiyasi qayd etilganlar soni 1716 nafarni tashkil etib, o‘zgarishsiz qoldi. Bu haqda mamlakatning Davlat bosh sanitariya inspektori Nurmat Otabekov “O‘zbekiston 24” telekanali efirida ma’lum qildi.

Otabekovning so‘zlariga ko‘ra, hozirda Toshkentdagi uchta tibbiyot muassasasida 318 kishi davolanmoqda, ulardan 74 nafarida klinik pnevmoniya belgilari mavjud.

“Virusologiya ilmiy-tekshirish instituti klinikasida 84 bemor davolanmoqda, 29 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 3 nafarining ahvoli og‘ir, 1 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir.

Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish instituti klinikasida davolanayotgan 82 bemordan 2 nafarining ahvoli og‘ir.

Toshkent tibbiyot akademiyasi ko‘p tarmoqli klinikasida davolanayotgan 152 bemordan 45 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 6 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli o‘ta og‘ir, deb baholanyapti”, dedi Nurmat Otabekov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi vaqtga kelib, 116 ming fuqaro statsionar va uy sharoitida karantin muddatini o‘tayapti.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Bugungacha bemorlarning 450 nafari davolangan, 7 nafari vafot etgan.  

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang,  #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

Koronavirus O'zbekistonda

Baholaganlar

328

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing