O‘zbekistonda karantindagi shaxslarning telefonini olib qo‘yish qonuniymi?

Jamiyat

image
Koronavirus haqida xushxabar! north_east

Koronavirus haqida xushxabar!

O‘zbekiston koronavirusga chalinganlar ko‘payishdan to‘xtaganicha yo‘q. Bemorlarning ortishi bilan karantinga olinuvchilar ham ko‘payadi. Ma’lumki, O‘zbekistonda karantinga olinganlarning qo‘l telefonlari olib qo‘yiladi. Ko‘pchilikda telefonlarni ishlatishga ruxsat bermaslik qanchalar to‘g‘riligi borasida savollar tug‘ilyapti. Adliya vazirligi boshqarma boshlig‘i G‘aybulla Primov shu savollarga javob berdi.

“Aholining sanitariya-epidemiologik osoyishtaligi to‘g‘risida”gi Qonunga ko‘ra, yuqumli va parazitar kasalliklar o‘choqlarida yuqumli va parazitar kasal deb gumon qilinayotgan shaxslarni hamda yuqumli kasalliklarning yuqish yo‘llari va omillarini aniqlash hamda ularning insonga ta’sir ko‘rsatishining oldini olishga qaratilgan choralar ko‘rilishi belgilangan.

Shuningdek, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 23 martdagi 176-son qarori bilan tasdiqlangan nizomda karantinga joylashtirilgan koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan yoki ushbu infeksiya bor deb gumon qilinayotgan shaxslarning mobil telefonlari, audio va video yozuv uskunalari, kredit kartalari va ma’lumot tarqatuvchi boshqa vositalarini vaqtincha olib qo‘yish nazarda tutilgan. Bular huquqiy jihati.

Endi nima uchun olinish sabablarini tushuntirib o‘taman:

•    Asosan plastikdan tayyorlangan telefonlar va ma’lumot tarqatuvchi boshqa vositalar o‘zida infeksiyani saqlash va tarqatish xususiyatiga ega bo‘lgani bois, ularni karantin hududiga olib kirish sanitar qoidalarga zid keladi. Chunki infeksiya qog‘oz va plastikning yuzasida eng uzoq vaqt – 5 kungacha saqlanib qoladi.

•    Vaqtincha olib qo‘yilgan narsalar faqat mazkur shaxsning kasallangan davrida muloqotda bo‘lgan boshqa insonlarni va tashrif buyurgan joylarni aniqlash maqsadidagina o‘rganiladi. 

•    Jismoniy shaxslarning shaxsi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni himoya qilish imkonini ham beradi. Ayrim hollarda ushbu muassasalarga joylashtirilgan boshqa shaxslarning shaxsiy ma’lumotlarini muhofaza qilish bo‘yicha qonuniy cheklovlarga rioya qilinmayapti”, dedi Primov.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtga kelib, koronavirusga chalinganlar 796 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 42 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.

Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor


Maqola muallifi

Teglar

karantin telefon

Baholaganlar

99

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing