O‘zbekistonda qancha odam karantinga olingani aytildi
Jamiyat
−
14 aprel 2020
19813Koronavirusga chalinib, Toshkent shahridagi klinikalarga yotqizilgan bemorlarning 8 nafari og‘ir ahvolda qolyapti. Mamlakat bo‘ylab 81 mingdan ortiq odam karantinga olingan. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Sanitariya-epidemiologiya nazorati davlat inspeksiyasi boshlig‘i, Respublika bosh davlat sanitariya inspektori Nurmat Otabekov ma’lum qildi.
“Mamlakatimizda ayni daqiqalarga kelib, koronavirus kasalligi bilan ro‘yxatga olingan bemorlar soni 1054 nafarni tashkil etdi. Virusologiya ilmiy-tekshirish institutidan olingan ma’lumotga ko‘ra, ushbu institut klinikasida davolanayotgan 101 bemorning 27 nafarida pnevmoniya klinik belgilari kuzatilyapti, 4 nafarining ahvoli og‘ir, 2 nafarining ahvoli nisbatan og‘irroq. Epidemiologiya-mikrobiologiya va yuqumli kasalliklar ilmiy tekshirish institutida davolanayotgan 101 bemordan 4 nafarining ahvoli og‘ir, deb baholanyapti”, dedi Nurmat Otabekov.
Respublika bosh davlat sanitariya inspektori mamlakatda karantin davom etayotganini eslatib, karantinga olinganlar soni va qoidalar buzilishga to‘xtalib o‘tdi.
“Mamlakatimizda karantin tadbirlari davom etayapti. 81 mingdan ko‘proq holatda fuqarolarimiz uy va statsionar sharoitda karantin muddatini o‘tayapti. Ma’lumotlarga ko‘ra, karantin tadbirlarini buzganlar soni 55 mingdan ortib ketdi. Bunday fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 20 barobaridan 30 barobarigacha, rahbar xodimlarga 30 barobaridan 50 barobarigacha jarima qo‘llash belgilangan”, dedi Otabekov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etilgan edi. Ayni vaqtgacha koronavirusga chalinganlar soni 1054 nafarga yetdi. Bugungacha kasallanganlarning 85 nafari davolangan, 4 nafari vafot etgan.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor
LiveBarchasi