O‘zbekistonda qancha odam qamoqxonada jazo o‘tayapti?
Jamiyat
−
09 aprel 2022
12856Bugungi kunda O‘zbekistondagi Jazoni ijro etish muassasalarida 24 ming mahkum saqlanmoqda. JIEMda saqlanayotgan mahkumlar soni bo‘yicha O‘zbekiston MDHda oxirgi o‘rinni egallaydi. Bu haqda IIV huzuridagi Jazoni ijro etish departamenti Tarbiya ishlarini tashkil etish boshqarmasi boshlig‘i Jamshid Sultonov ma’lum qildi.
“Prezident Shavkat Mirziyoyevning idora tashkilotlarning shaffofligini ta’minlash bo‘yicha bergan ko‘rsatmasiga muvofiq, 2019 yildan boshlab JIEMda saqlanayotgan mahkumlar soni maxfiy hisoblanmayapti. Bugungi kunda JIEMda 24 ming mahkum saqlanmoqda”, deydi Sultonov.
U so‘zida davom etib, O‘zbekiston bu ko‘rsatkich bo‘yicha dunyodagi 221 ta davlat ichida 177-o‘rinda turishini qo‘shimcha qildi. Ya’ni har 100 mingta shaxsga 68 tadan sudlangan shaxs to‘g‘ri keladi.
“Reytinglarga qaraydigan bo‘lsak mahkumlar sonining ko‘pligi bo‘yicha birinchi o‘rinda AQSH tursa ikkinchi o‘rinni Turkmaniston egallagan. Turkmanistonda 100 ming aholiga 500 nafardan aholi to‘g‘ri keladi. O‘zbekiston MDH davlatlari orasida esa JIEMlarda saqlanayotgan mahkumlar soni bo‘yicha eng oxirgi o‘rinni egallaydi”, degan Jamshid Sultonov.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning yanvar oyida Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov jazoni ijro etish tizimida 29 mingdan ortiq shaxs, shundan 7 mingdan ortig‘i manzil koloniyada, 22 mingdan ortiq mahkumlar boshqa turdagi koloniyalarda jazo muddatini o‘tayotganini ma’lum qilgandi.
LiveBarchasi