O‘zbekistonda ilk bor qancha pedofil javobgarlikka tortilgani ochiqlandi
Jamiyat
−
19 iyul 2023 10894 2 daqiqa
2023 yilning o‘tgan olti oyi davomida O‘zbekistonda voyaga yetmagan bolalarga nisbatan sodir etgan jinsiy zo‘ravonlik jinoyati uchun 257 nafar shaxs javobgarlikka tortilgan. Bu haqda QALAMPIR.UZ so‘roviga javoban Oliy sud Matbuot kotibi Aziz Obidov ma’lum qildi.
Keltirilishicha, 2023 yilning birinchi yarimida 257 nafar shaxsga nisbatan jinsiy erkka qarshi qator jinoyatlari uchun Jinoyat kodeksining turli moddalari bilan jinoyat ishi ochilgan.
Xususan:
- 15 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani, ya’ni zo‘rlik ishlatib, qo‘rqitib yoki jabrlanuvchining ojizligidan foydalanib, jinsiy aloqa qilgani uchun (Jinoyat kodeksi 118-moddasi 4-qismi);
- 44 nafar shaxs 14 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun (Jinoyat kodeksi 119-moddasi 4-qismi) (jinsiy ehtiyojni zo‘rlik ishlatib, g‘ayritabiiy usulda qondirish);
- 163 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxsning nomusiga tekkani uchun (Jinoyat kodeksi 128-modda) (o‘n olti yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish);
- 35 nafar shaxs 16 yoshga yetmagan shaxs bilan jinsiy ehtiyojini g‘ayritabiiy usulda qondirgani uchun (Jinoyat kodeksi 129-modda) sud qilingan.
Ma’lumot uchun, so‘nggi ma’lumotlarga qaraganda O‘zbekistonda 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar soni 10,5 mlndan ziyodni tashkil etmoqda. Statistikaga ko‘ra, 2022 yilga kelib bolalarga nisbatan jinsiy ekspluatatsiya va zo‘ravonlikning oldini olish xalqaro indeksida O‘zbekiston oldingi yilga nisbatan 7 pog‘onaga pastlagan, ya’ni 59 davlat ichidan 58-o‘rindan joy olgan.
Live
Barchasi