O‘zbekistonda gaz “zapravka”lar bugundan to‘liq ishga tushishi rostmi?

Jamiyat

image

Avvalroq, O‘zbekistondagi gaz “zapravka”lar faoliyatiga ayrim cheklovlar kiritilgandi. Endilikda ijtimoiy tarmoqlarda mamlakatdagi havo harorati iliy boshlashi fonida “zapravka”lar bugundan boshlab to‘liq ishlay boshlashi haqida xabarlar tarqaldi. QALAMPIR.UZ vaziyatga oydinlik kiritish maqsadida Energetika vazirligi matbuot kotibi Hasan Toshxo‘jayev bilan bog‘landi.

Unga ko‘ra, bir haftadan buyon Toshkent shahri,  Samarqand,  Jizzax kabi hududlarda gaz quyish shoxobchalarida bu borada muammo kuzatilayotgani yo‘q. 

"Qishning sovuq kunlarida gaz bosimi ancha pasayib ketgani tufayli bir necha kun davomida metan zapravkalarning ish faoliyati mahalliy hokimliklar bilan kelishilgan tarzda, ular tarafidan hududning imkoniyatidan kelib chiqib tuzilgan reja-grafik asosida olib borildi. Tabiiy gaz shu kunlarda birinchi navbatda aholi va ijtimoiy soha ob’ektlarini isitishga yo‘naltirildi.

Metan zapravkalarda esa har bir hududning o‘zidan kelib chiqib, reja-grafik tuzilgan. Uni yuritish vakolati hudud ma’muriyatlariga berilgan. Mas’ullar mavjud gaz zaxirasini aholiga, ijtimoiy soha ob’ektlariga hamda metan zapravkalarga taqsimlashadi.

Qishning sovuq paytida kunning tig‘iz vaqtida har bir hudud o‘zidagi vaziyatdan kelib chiqib, cheklovlarni yumshatib bordi yoki kuchaytirdi.

Mazkur jarayon ayni kunlarda qaysidir tumanlarda davom etayotgan bo‘lishi mumkin. Lekin bizning prognozlarga ko‘ra, metan zapravkalardagi vaziyat 10-11 fevral kunlaridan o‘nglanishi va cheklovlar yumshatilishi, aksariyat hududlarda esa olib tashlanishi kutilayotgan edi", deydi Toshxo‘jayev.

Eslatib o‘tamiz, 2023 yil 8 dekabr kuni O‘zbekistonning barcha hududlarida avtomobillarga gaz to‘ldirish kompressor shoxobchalarining ish soatlariga cheklovlar o‘rnatilgandi. Energetika vazirligi respublikadagi barcha metan “zapravka”lari soat 6:00 dan soat 15:00 ga qadar ishlashini xabar qilgandi. Oradan ko‘p o‘tmay, 12 dekabrdan mamlakatga sovuq ob-havo massasi kirib kelgani sababli avtomobillarga gaz to‘ldirish shoxobchalari faqat soat 06:00 dan 12:00 gacha ishlay boshladi. 13 dekabr kuni esa Toshkent shahri hamda Samarqand, Toshkent, Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlaridagi “metan zapravka”lar faoliyatiga qo‘shimcha cheklovlar kiritildi. Ushbu hududlardagi 1179 ta “zapravka”dan 547 tasi ishlayotgani ma’lum qilindi. Oradan ikki kun o‘tib, 15 dekabrda qo‘shimcha cheklovlar yumshatildi. Ijtimoiy tarmoqlarda ham O‘zbekistonda gaz “zapravka”lar 24 soatlik ish rejimiga qaytayotgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

O'zbekiston gaz “zapravka”

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing