O‘zbekistonda “gashish” sotayotgan narkosavdogarlar ushlandi (video)
3-sahifa
−
13 noyabr
4117Tojikiston va Qirg‘izistondan kontrabanda yo‘li bilan keltirilgan qariyb 65 kg “gashish” giyohvandlik vositasi musodara qilindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, DXXning Surxondaryo viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari tomonidan Chegara qo‘shinlari hamda bojxona organlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda Denov tumanida yashovchi 30 yoshli fuqaro o‘zining Cobalt rusumli avtomashinasida Uzun tumani hududida harakatlanayotgan vaqtida to‘xtatilgan. Avtomashina xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, uning yukxonasida 50 kg 567 gr “gashish” moddasi borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olingan.
Tergovga qadar tekshiruv davomida u giyohvandlik vositasini tojikistonlik narkosavdogarlardan olgani ma’lum bo‘lgan.
Farg‘ona viloyatida qayd etilgan holatda Marg‘ilon shahrida yashovchi 52 yoshli fuqaro muqaddam tojikistonlik narkokur’erlar tomonidan Toshkent viloyatining Bo‘ka tumani hududidagi xufiya joyga qoldirib ketilgan 4 kg 929 gr “gashish” moddasini qabul qilib olib, yo‘lovchi avtomashinada doimiy yashash manziliga qaytib kelayotgan vaqtida DXX xodimlari tomonidan Farg‘ona shahrida qo‘lga olingan. Aniqlanishicha, u giyohvandlik vositasini qayta sotib, mo‘may daromad topishni maqsad qilgan.
DXXning Andijon viloyati bo‘yicha boshqarmasi xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda “Samarqand–Andijon” yo‘nalishida harakatlanayotgan Spark rusumli avtomashina Bo‘ston tumanidagi YPX maskanida to‘xtatilib, tekshirilgan. Natijada, unda ketayotgan Qo‘rg‘ontepa tumanida istiqomat qiluvchi 34 va 29 yoshli 3 nafar shaxs hamda Qirg‘iz Respublikasining O‘sh viloyati Qora-suu shahrida yashovchi 40 yoshli ushbu davlat fuqarosidan 4 kg 727 gr “gashish” moddasi olingan. Aniqlanishicha, ular mazkur giyohvandlik vositasini tojikistonlik shaxsdan Urgut tumaniga keltirib berish sharti bilan sotib olishgan va uni qoldirib ketilgan xufiya joydan olib, ortga qaytayotgan bo‘lishgan.
Boshqa holatda esa Paxtaobod tumanida yashovchi, 1981, 1982, 1991, 1992 yillarda tug‘ilgan 4 nafar fuqaro Qirg‘iz Respublikasidagi narkosavdogarlar yetkazib bergan 4 kg 634 gr “gashish” moddasini Andijon tumanida 53 ming AQSH dollariga sotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan. Ulardan 3 nafari muqaddam sudlangan shaxslar ekani aniqlangan.
Hozirda mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qashqadaryo, Sirdaryo, Xorazm viloyatlari va Toshkent shahrida Tojikiston Respublikasidan keltirilgan narkotik moddalar savdosiga chek qo‘yilgan edi.
LiveBarchasi