Toshkentda avval ham sudlangan narkosavdogar 26 ming dollarlik gashish bilan ushlandi

3-sahifa

image

Toshkentda 1 kilogrammdan ortiq gashishni 26 ming AQSH dollariga sotishga uringan, avval ham giyohvandlik bilan bog‘liq jinoyat uchun sudlangan shaxs qo‘lga olindi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Davlat xavfsizlik xizmatining Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi, Bojxona va Ichki ishlar organlari xodimlari hamkorligida tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida qo‘shni davlatdan olib kirilgan katta miqdordagi narkotik modda Toshkent shahrida musodara qilingan.

Aniqlanishicha, Surxondaryo viloyatining Denov shahrida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan shaxs Yakkasaroy tumanidagi mehmonxonalardan birida 1 kilogramm 185 gramm gashishni shartli xaridorga 26 ming AQSH dollariga sotishga kelishgan. U kelishilgan pulning 21 ming dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Shuningdek, narkotik moddani Surxondaryodan Toshkentga u bilan birga olib kelgan Cobalt avtomobili haydovchisi ham qo‘lga olingan. U Denov shahrida yashovchi, 1987 yilda tug‘ilgan shaxs bo‘lib, muqaddam o‘g‘rilik bilan bog‘liq jinoyati uchun sudlangan.

Hozirda qo‘lga olingan shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari olib borilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent viloyatining Yuqori Chirchiq tumanida katta miqdordagi sintetik giyohvandlik vositalarini tarqatmoqchi bo‘lgan shaxslar qo‘lga olingani haqida xabar berilgan edi.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing