O‘zbekistonda favqulodda holat e’lon qilish tartibi qanday?
Jamiyat
−
28 mart 2020
30499O‘zbekistonda koronavirus tarqalishi keng quloch yoyishi munosabati bilan ko‘rilayotgan choralar ham keskinlashib bormoqda. Vaziyat jiddiylashgani sari mamlakatda favqulodda holat e’lon qilinish holati yaqin ekanini ko‘rish mumkin. Xo‘sh, favqulodda holat deya kim e’lon qilish huquqiga ega?
Prezident farmoni
O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi 93-moddasida davlat rahbari Prezidentning konstitutsiyaviy vakolatlari belgilangan. Moddaning 19-bandiga ko‘ra, “Prezident favqulodda vaziyatlar (real tashqi xavf, ommaviy tartibsizliklar, yirik halokat, tabiiy ofat, epidemiyalar) yuz bergan taqdirda fuqarolarning xavfsizligini ta’minlashni ko‘zlab, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yoki uning ayrim joylarida favqulodda holat joriy etadi va qabul qilgan qarorini uch kun ichida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining palatalari tasdig‘iga kiritadi”, deya aniq belgilab qo‘yilgan.
Prezident vaziyatni favqulodda holat deya e’lon qilish uchun asoslar topib, buni Oliy Majlis palatalariga tegishli farmonni kiritganidan so‘ng, ikki palata ham alohida tasdiqlash uchun ko‘rib chiqadi.
Parlament tasdig‘i
“O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunda parlamentning quyi palatasi Prezident farmonini tasdiqlashni ko‘rib chiqish haqida qisqacha tartibi keltirib o‘tilgan. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining urush holati, umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish va tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini tasdiqlash haqidagi masala Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida dastlabki tarzda muhokama qilinmasdan Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqiladi”, deya belgilangan mazkur Qonunda.
Parlamentning yuqori palatasida ham Prezidentning tegishli farmonini ko‘rib chiqish tartibi quyi palataniki bilan ko‘p ham farq qilmaydi. “O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining reglamenti to‘g‘risida”gi Qonunining 24-moddasida bu masalaga javob topish mumkin. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining umumiy yoki qisman safarbarlik e’lon qilish to‘g‘risidagi, favqulodda holat joriy etish, uning amal qilishini uzaytirish yoki tugatish to‘g‘risidagi farmonlarini esa ular kelib tushgan paytdan e’tiboran 72 soatdan kechiktirmay ko‘rib chiqadi” , deya belgilangan. Moddaning ikkinchi qismida xuddi quyi palata singari Senat ham ushbu masalani dastlabki tarzda muhokama qilmasdan ko‘rib chiqishi belgilangan. Shuningdek, qonun normasiga binoan, davlat rahbarining favqulodda holat deya e’lon qilish bo‘yicha farmonini tasdiqlash to‘g‘risidagi qaror darhol O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yuborilishi lozim.
Jazoning og‘irlashishi
“Favqulodda holat” vaqtida qanday tartib amal qilishi vaziyatning holati, og‘irlik darajasiga qarab belgilanadi. Biroq bir jihat aniqki, ushbu vaziyatda biror jinoyat sodir etilishi jazoni og‘irlashtirishi uchun asos bo‘ladi.
Jinoyat kodeksi 56-moddasiga muvofiq, jinoyat sodir etishda jazoni og‘irlashtiruvchi holatlar ro‘yxati keltirib o‘tilgan. Ushbu moddaning tegishli bandiga ko‘ra, umumiy ofat sharoitidan foydalangan holda yoki favqulodda holat vaqtida yoxud ommaviy tartibsizliklar jarayonida jinoyat sodir etilsa, jazo og‘irlashtirilishi “ko‘rga hassadek qilib” yozib qo‘yilgan.
Jinoyat kodeksining 257-1-moddasiga binoan, sanitariyaga oid qonun hujjatlarini yoki epidemiyaga qarshi kurash qoidalarini buzish jinoiy javobgarlikka tortish uchun asos bo‘ladi. Ushbu jinoyat uchun jazoni yanada kuchaytirish bo‘yicha “Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi qonun Prezident tomonidan imzolandi.
Ma’lumot o‘rnida, O‘zbekistonga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishini oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasining qarori bilan 24 mart soat 00:01 dan koronavirus infeksiyasi tarqalishiga qarshi kuchaytirilgan tartib joriy etildi. Unga ko‘ra, fuqarolarning uyidan tashqariga chiqishi cheklandi. O‘ta zarur hollardagina ko‘chaga chiqqanda (dorixona, oziq-ovqat do‘konlari va kundalik zarur maishiy hamda xo‘jalik vositalar) – shaxsiy himoya vositasi (niqob)da bo‘lishi shart.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirusni yuqtirib olish bilan bog‘liq ilk holat joriy yilning 15 mart kuni qayd etildi. Ayni vaqtda ushbu virusni yuqtirib olganlar soni 104 nafarni tashkil etmoqda. Mamlakatda yana bir kishi koronavirus ortidan vafot etdi.
Qadrli yurtdoshlar, karantin davrida zarurat bo‘lmasa, ko‘chaga chiqmang. Vaqtni oilangiz, farzandlaringiz davrasida o‘tkazing. Unutmang, #UydaHayotBor