Gruziya Prezidenti maktab o‘quvchilarini mitingga jalb qildi

Olam

image

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili maktab o‘quvchilarini amaldagi hukumatga qarshi noroziliklarga qo‘shilishga chaqirdi. Bu haqda Prezident o‘zining X ijtimoiy tarmog‘ida ma’lum qilgan.

“Universitetlardan so‘ng, Gruziya bo‘ylab norozilik namoyishlari bilan birdamligini bildirish uchun maktablarning navbati keldi”, degan Prezident.

Ma’lum qilinishicha, maktab o‘quvchilari o‘quv jarayonini to‘xtatib, ko‘chalarga plakatlar va shiorlar ko‘tarib chiqqan.

Gruziya Ichki ishlar vazirligi norozilik namoyishlarida voyaga yetmaganlarning borligiga qat’iy qarshilik bildirgan va ota-onalarni bolalarni mitinglarda ishtirok etmasligini ta’minlashga chaqirgan.

Shuningdek, Gruziya ta’lim, fan va yoshlar vaziri Aleksandr Suladze ta’lim muassasalarini siyosiylashtirishni nomaqbul deb atagan.

Eslatib o‘tamiz, 28 noyabr kuni Tbilisi va Gruziyaning boshqa shaharlarida Bosh vazir Irakliy Kobaxidze Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarni 2028 yilgacha to‘xtatganini e’lon qilganidan keyin stixiyali norozilik namoyishlari boshlangandi. Irakliy Koxabidzening aytishicha, mamlakat keyingi to‘rt yil davomida Yevropa Ittifoqining har qanday byudjet grantlari va kreditlaridan butunlay voz kechadi.

Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili hukmron “Gruziya orzusi” partiyasining muzokaralarni to‘xtatish qarori “bir necha oy avval boshlangan konstitutsiyaviy to‘ntarishning yakuniy nuqtasi bo‘ldi”, deb atadi. U ham namoyishchilar bilan uchrashish uchun maydonga chiqdi.

Muhammad Hodiyev


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Prezident Gruziya Salome Zurabishvili

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing