Prezident parlamentda nutq so‘zlamoqda
Jamiyat
−
18 noyabr
3756Bugun, 18 noyabr kuni O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlis Qonunchilik palatasining saylovdan keyingi birinchi majlisida nutq so‘zlamoqda. Bu haqda Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadov ma’lum qildi.
Davlat rahbari so‘zining avvalida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga saylovda deputat degan sharafli nomga sazovor bo‘lganlarni tabrikladi.
“Har qanday saylov davlat va jamiyat uchun muhim siyosiy jarayon. Ayniqsa, jahondagi bugungi keskin va tahlikali vaziyatda bunday umumxalq tadbirlarini o‘tkazish yanada katta mas’uliyat talab etadi. Turli mintaqalarda urush va janjallar, qarama-qarshilik va ziddiyatlar avj olib bormoqda”, deyiladi xabarda.
Prezident bu yilgi parlament saylovlarining eng muhim jihatlari haqida to‘xtalib o‘tdi. Bildirilishicha, u yangilangan Konstitutsiyaga muvofiq o‘tkazilgan ilk saylov sifatida tarixga kirgan. Huquq va vakolatlari sezilarli darajada kuchaygan, mas’uliyati bir necha karra ortgan yangi xalq vakilligi tizimi shakllantirilgan.
“Bundan tashqari, o‘tgan sakkiz yillik davrda xalqimizning siyosiy tafakkuri tubdan o‘zgardi, siyosiy madaniyati sezilarli darajada yuksaldi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotidagi roli va ishtiroki kuchaydi. Bularning barchasi aralash saylov tizimini joriy etishga mustahkam zamin yaratdi. Ko‘plab davlatlarda bunday islohotlarni o‘tkazish uchun o‘n yillar kerak bo‘lgan. Shu ma’noda, O‘zbekiston aralash saylov tizimini qisqa fursatda, dadil joriy etishga erishgan kam sonli mamlakatlardan biri, deyishga munosibdir”, deyiladi xabarda.
Eslatib o‘tamiz, mazkur majlisda Nuriddin Ismoilov Qonunchilik palatasi Spikeri etib, O‘zLiDePdan saylangan deputatlar Mavluda Xo‘jayeva va Rahimjon Hakimov Spiker o‘rinbosarlari etib saylangandi.
LiveBarchasi