Mirziyoyev Senatning ustuvor vazifasini aytdi
Jamiyat
−
19 noyabr
2414Prezident Shavkat Mirziyoyev mahalliy kengashlar faoliyatiga har tomonlama ko‘maklashish Senatning ustuvor vazifasi bo‘lishi kerakligini aytdi. Bu haqda davlat rahbari bugun, 19 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining birinchi majlisida so‘z ochdi.
Qayd etilishicha, endi xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar kengashlariga hokimlar emas, balki deputatlar orasidan saylangan kengash raislari boshchilik qiladi. Prezident ushbu siyosiy islohot orqali xalqning 30 yillik orzusi ro‘yobga chiqqanini ta’kidlagan.
Shuningdek, joriy yilda hokimlarning 33 ta vakolati kengashlarga olib berilgani, yana 17 ta vakolatni o‘tkazish reja qilingani aytilgan. Ichimlik suvi tarifiga ustama, davlat ob’ektlari va bozorlarda ijara to‘lovlari kabi jami 7 turdagi mahalliy yig‘imlar miqdorini tasdiqlash vakolati ham mahalliy kengashlarga o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Kengash so‘rovi va kengash tekshiruvi kabi yangi mexanizmlar orqali hududiy ijro organlari faoliyati ustidan nazorat kuchaytiriladi.
Prezident mahalliy kengashlar tomonidan har yarim yilda qilingan ishlar bo‘yicha matbuot anjumanlari o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilsa, bu ularning faoliyatida oshkoralik va hisobdorlikni kuchaytirishini ko‘rsatib o‘tgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qonunchilik palatasi va Senatning birinchi majlislarini Toshkent shahrida joriy yilning 18-19 noyabr kunlari chaqirilishi belgilangandi.
LiveBarchasi