O‘zbekistonda dam olish yerlarida qurilishni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilindi
Jamiyat
−
08 yanvar
1559Kecha, 7 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida aholining dam olish yerlarida qurilishlarni taqiqlovchi qonun loyihasi qabul qilindi. Bu haqda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, majlisda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni muhofaza qilishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda moddama-modda ko‘rib chiqilgan.
Qonun loyihasida davlat mulki hisoblangan hamda aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlarni yoki ularning bir qismini xususiylashtirish yoxud boshqacha tarzda begonalashtirish, ushbu yerlarda binolar va inshootlarni qurish (bundan yengil turdagi ob’ektlar mustasno) yoki mavjud binolar va inshootlarning qurilish maydonlarini kengaytirish, shuningdek bu yerlarning hududini qisqartirish taqiqlanmoqda. Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash davomida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator yig‘ilishlar, seminarlar o‘tkazilgani, ularda deputatlar bergan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, asosli deb topilganlari loyiha matnida aks etgani va hujjat har tomonlama pishiq-puxta holatga keltirilgan holda, maromiga yetkazilgani qayd etilgan.
Deputatlarga ko‘ra, ushbu qonun loyihasining qabul qilishini “yashil”, ko‘kalamzor zonalarni muhofaza qilish, aholining madaniy hordiq chiqarish maskanlari muhofazasini kuchaytirish, ekologiya va atrof-muhitni yaxshilanishiga xizmat qiladi. Shu tariqa majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan ikkinchi o‘qishda qabul qilingan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda ayrim qonun hujjatlariga hayvonot va o‘simlik dunyosining muhofazasini kuchaytirishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritilgandi. Xususan, o‘z hududida binolarni, inshootlarni yoki boshqa ob’ektlarni qurish, rekonstruksiya qilish chog‘ida belgilangan talablarni buzib, kimyoviy, biologik vositalarni qo‘llagan holda daraxtlarni, butalarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirganlik, payhon qilganlik yoki yo‘q qilganlik uchun javobgarlik belgilandi.
LiveBarchasi