O‘zbekistonda CEFR sertifikati uchun imtihonlar bepul bo‘lishi mumkin
Intervyu
−
16 iyun 2022
28421O‘zbekistonda chet tilini bilish darajasini belgilovchi CEFR sertifikati uchun imtihonlar bepul bo‘lishi mumkin. Bu haqda bugun, 16 iyun kuni Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bo‘lib o‘tgan anjumanda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov ma’lum qildi.
Xabaringiz bor, bu yil magistraturaga hujjat topshirish uchun chet tili sertifikati majburiy etib belgilandi. Mutaxassislik fanidan imtihon bo‘lmaydi, faqat diplomning o‘rtacha bali hisobga olinadi.
Anjumanda, QALAMPIR.UZ jurnalisti Feruza Najmiddinova Abduqodir Toshqulovga “Bu o‘zgarish orqali IELTS markazlarini boyitish ko‘zda tutilmaganmi? Til bilish darajasini aniqlovchi imtihon 2 million so‘m, ya’ni ba’zi oilalarning bir oylik ish haqqi darajasida, nima uchun yoshlarga imkoniyat yaratilib, bu imtihonlar bepul qilinmaydi?”, deya savol bilan yuzlandi.
“Bu bo‘yicha ham imkon qadar imtiyozlar yaratildi. IELTS’dan 7 ball olsa, Yoshlar agentligi uning pulini qaytarib beryapti. To‘g‘ri, u ballni olish qiyin, juda qattiq o‘qish kerak. Kurslar ham pullik, buni ham tushunaman. Biz milliy sertifikat tizimini ham joriy qilganmiz-ku. O‘zbekiston Davlat test markazida ham bu imtihonni topshirsa bo‘ladi. Bu yerda faqatgina IELTS topshirish sharti qo‘yilmagan. Davlat test markazi ikki baravar arzon. Lekin bugungi savol-javoblardan kelib chiqib, men ham hukumatga, yuqoriga mahalliy imtihonni bepul qilish taklifini yoki bir necha barobarlarga kamaytirish masalasini ko‘taraman. Bu yerda faqat IELTS talabi yo‘q. Mahalliy Davlat test markazi orqali ham olishimiz mumkin. Shuning uchun, hozir bizga bu sertifikatni mahalliy davlat test markazi va IELTS markazlari beryapti”, deydi Toshqulov.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston Prezidentining 2021 yil 20 may kuni qabul qilingan “O‘zbekiston Respublikasida xorijiy tillarni o‘rganishni ommalashtirish faoliyatini sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida magistraturaga hujjat topshirish jarayonini o‘zgartirish belgilangan.
Xususan, qarorga muvofiq, xorijiy tillarni o‘qitish sohasiga malakali kadrlarni jalb qilish va soha mutaxassislarining salohiyatini oshirish maqsadida 2022/2023 o‘quv yilidan boshlab oliy ta’lim muassasalarining magistratura mutaxassisliklariga hamda oliy ta’limdan keyingi ta’lim ixtisosliklariga tanlovlarda milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikatga ega shaxslar ishtirok etishi tartibi joriy etilib, filologiya yo‘nalishlari bo‘yicha kamida S1 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat, nofilologik yo‘nalishlari bo‘yicha esa V2 darajadagi milliy yoki unga mos darajadagi xalqaro sertifikat talab etilishi nazarda tutish belgilangan.
LiveBarchasi