Loxotron soxta IELTS va CEFR ortidan kimlar “soqqa” qilyapti?
Biznes
−
29 noyabr 2023
14523Hech kimga sir emaski, bugungi kunda O‘zbekiston fuqarolari, ayniqsa yoshlarining xorijiy tillarni o‘rganish hamda xalqaro va milliy sertifikatlarni qo‘lga kiritishga qiziqishi ortib bormoqda. Jumladan, C1 darajasiga ega o‘qituvchilarga 50 foizlik ustama berilishi, magistratura va doktorantura bosqichlarida o‘qish uchun milliy hamda xalqaro sertifikatlarning majburiy etib belgilanishi ortidan minglab odamlar xorijiy tillarni o‘rganishga kirishdi.
Shu bilan birgalikda, ba’zi "uddaburonlar" o‘qimasdan ham sertifikatlar olish mumkinligiga ishonib, firibgarlar tuzog‘iga tushmoqda. Eng achinarlisi, butun boshli markazlar ham mana shu korrupsion holatlarga yo‘l qo‘ymoqda, degan iddaolar mavjud. Mazkur holatga aniqlik kiritish maqsadida QALAMPIR.UZ navbatdagi lavhada sertifikatlarni pul bilan olish mumkinligini aytayotgan fuqaro hamda mas’ullar bilan intervyu tashkillashtirib, firibgarlikda ayblanayotgan UZ050 markazi faoliyatini o‘rganib chiqdi.
Noqonuniy tartibda sertifikat sotib olganini aytayotgan fuqaroning so‘zlariga ko‘ra, 30 ga yaqin xalqaro imtihonlarni o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi UZ050 markazida ishlovchi xodim unga bu ishni amalga oshirishda ko‘maklashgan.
“Men UZ050 markaziga borib, 2022 yil sentyabr oyida TKT uchta modulini 1 500 AQSH dollariga oldim. Menga uni markaz xodimi D.S. olib berdi. O‘zbekistonda baribir sertifikatlar olish mumkin. Faqat kerakli odamlarni topsangiz bo‘lgani”, deydi u.
Ammo UZ050 markazining imtihonlar bo‘limi xodimi Ibrat Shakarboyev markazda 2022 yil aprelidan boshlab Cambridge English talabi bilan TKT imtihonlarini o‘tkazish to‘xtatilganini ma’lum qildi.
“Bizning imtihonlar markazimiz 2022 yil aprelidan Cambridge English talabi bilan TKT imtihonlarini o‘tkazishni to‘xtatgan. Audioda qayd etilgan xodim D.S. esa 2021 yildan beri ishlamayapti. Bu juda ham oddiy firibgarlar qarmog‘i, desak yanglishmaymiz. Agar Maktabgacha va maktab ta’lim vazirligi tekshirsa, buning haqiqiy emasligi aniqlanadi. Ustama berilgan taqdirda ham qonuniy tartibda qaytib olinadi”, deydi u.
Shuningdek, imtihonlar markazi rahbari, xalqaro ekspert Muhammadxon Soliyevdan ham mazkur holatga izoh berdi.
“Hozirgi kundagi yana bir ayanchli trendlardan biri bu markaz xodimlarini tovlamachilik yo‘li bilan o‘z tarafiga og‘dirib olish va imtihon natijalariga ta’sir ko‘rsatish. Jumladan, yaqindagina biz xat oldik. Unda bizning xodimlarimizga Telegram skrinshotlari bilan "O‘zbekiston Respublikasi administratsiyasiga, Cambridge xalqaro tashkilotiga ustingizdan yozamiz", "Sizlarda IELTS imtihonlarining javoblari oldindan bor" va boshqa turli xil iddaolar yozilgan”, deydi u.
Bundan tashqari, keyingi paytlarda tarmoq foydalanuvchilari orasida ayniqsa Cambridge English'ning kompyuterga asoslangan – Linguaskill imtihoni sotib olish mumkinligi haqida ham gap-so‘zlar tarqalmoqda. Imtihon nazoratchisi Shahobiddin Nuriddinovning aytishicha, Linguaskill imtihonining javoblarini sotib olish imkonsiz.
“Imtihon jarayonida hammasi nazorat ostida bo‘ladi. Imtihon nazoratchilari ham saralanadi. Imtihonga tayyorgarlik ko‘rish, uni olib borish kameralashtirilgan... Imtihon oluvchilar, markaz direktori, nazoratchilari tomonidan tekshiriladi. Ayrim hollarda koordinator tomonidan ko‘ngilni xira qiladigan vaziyatga ham duch kelyapmiz. Misol tariqasida, maxsus chiplar yordamida, mikro quloqchinlar orqali imtihon topshirish yoki ID kartalari qalbakilashtirilishining ham guvohi bo‘lamiz. Ba’zida nomzodlar faqat imtihonning bitta modulini topshirgan holatda sertifikatni qabul qiladi, ya’ni yarim tayyor bo‘lgan sertifikatni Fotoshop dasturi orqali qalbakilashtirib, to‘liq hujjatga aylantiradi”, deydi u.
Markaz rahbari Soliyev Muhammadxonning qo‘shimcha qilishicha, firibgarlar xalqaro sertifikatlar uchun imtihon oluvchi markazlarning yorliqlari, u yerda ishlaydigan xodimlarning suratlaridan foydalanib, odamlarning ishonchiga kirmoqda. Oqibatda esa turli muammolar kelib chiqmoqda.
“Bilasizmi, eng salbiy oqibatlar deganda shaxsan men shuni tushunamanki, juda ham ko‘p test oluvchilarning rasmlarini, jumladan, mening ham rasmlarimni ishlatib, bizning imijimizga qaratilgan tazyiqlar yoki boshqa katta-katta IELTS markazlari, imtihon va o‘quv markazlarining rasmlarini olayotgan firibgarlar o‘zlarining qarmoqlariga tushgan odamlarni aldash uchun foydalanmoqda. Bu esa bunga ishongan odamlarning chuv tushishiga olib keladi. Yana bir holat, o‘quv markazi bo‘lganimiz uchun bizda IELTS kurslari mavjud. Shu bois imtihon tugaganidan keyin o‘quvchilarimiz bilan uning qanday o‘tgani haqida suhbatlashamiz. Shunda ham internetda turli muhokamalar boshlanib ketadi. Lekin imtihon jarayonini tushunadiganlar buning imkonsiz ekanligini bilishadi”, deydi u.
To‘g‘ri, bugungi kunda chet tillarini bilish keng imkoniyatlarni taqdim etadi. Ammo qing‘ir yo‘llar bilan olingan “bilim” uzoqqa bormaydi. Bugun biz siz bilan birgina UZ050 imtihonlar markazi misolida sertifikatlarni sotib olishning imkoni bor yoki yo‘qligini ko‘rib chiqdik. Eshitganingizdek, buning imkoni mavjud emas. Shunday ekan firibgarlar tuzog‘iga tushishdan ehtiyot bo‘ling!
Batafsil ma’lumot uchun saytimizga tashrif buyuring www.innovativecentre
Telegram kanalimizga a’zo bo‘ling
Instagram’da yangiliklardan xabardor bo‘ling
Facebook’da yangiliklardan xabardor bo‘ling
Reklama huquqi asosida