Markaziy Osiyoda sovet mafkurasining qulashi, Mask va Trampning o‘zaro “otishmasi”, Rossiyaliklarning IELTS dan mahrum etilishi - Weekend
Tahlil
−
08 iyun 9543 13 daqiqa
Qirg‘iziston chirkin Sovet tuzumi qoldiqlaridan halos bo‘lish yo‘lida katta qadam tashladi. Ular Leninning eng ulkan haykallaridan birini qo‘porib tashladi.
Oq uyga “bola-chaqasi bilan ko‘chib olgan” Ilon Mask roppa-rosa 3.5 oydan so‘ng u yerdan quvildi. Dunyoning eng boy odami va AQSH prezidenti o‘rtasida kechayotgan janjal avjiga chiqqan. Subsidiya ortidan so‘rg‘ich qand talashayotgan bolakaylarday tortishayotgan ikki qudratli shaxsning janjali Qo‘shma Shtatlar prezidenti Donald Trampning hatto pedofiliyada ayblanish darajasigacha chiqdi.
AQSH dunyoda davom etayotgan qirg‘inlarni to‘xtatishda haqiqiy to‘siqqa aylandi. Tramp boshchiligidagi yangi ma’muriyat bu ishni hech bo‘lmaganda BMT XK dagi o‘ziga tegishli veto huquqi orqali amalga oshirmoqda. Trampning saylovoldi vadalari bu orqali axlat qutiga tashlandek go‘yo.
Rossiyada IELTS topshirish jinoyat sifatida ko‘rilmoqda. Ancha yillar oldin mamlakatdagi faoliyatini tugatgan British Council endi nomaqbul tashkilot deb e’lon qilindi.
Qirg‘iziston “Qizil imperatorni yiqitdi”
Markaziy Osiyo bosqinchilik, imperializm va chirkin Sovet tuzumining eng so‘nggi qoldiqlaridan tozalanmoqda. Quvonarlisi shuki mazkur tendensiya bu tuzumdan qolgan yodgorlik va joy nomlarining katta qismini o‘zida saqlab qolayotgan Qirg‘izistonda davom etyapti. Mamlakatda Markaziy Osiyodagi eng baland Lenin haykallaridan biri – “Qizil imperator”ning O‘sh shahridagi monumenti buzib tashlandi. Qayd etilishicha, ushbu haykal O‘sh shahar hokimligi qarori asosida olib tashlangan. Shahar hokimligi matbuot xizmati hozircha haykal boshqa joyga ko‘chiriladimi yoki butunlay yo‘q qilinadimi – bu borada izoh bermagan. Leninning ushbu haykali Markaziy Osiyo va butun dunyodagi eng baland haykallardan biri bo‘lib, uning balandligi 25 metr edi. Haykal 1975 yilda o‘rnatilgan. Qator nashrlarning yozishicha, ushbu haykal yillar davomida O‘sh aholisi orasida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan. Ayrimlar uni buzishni talab qilgan bo‘lsa, boshqalar uni tarixiy-madaniy meros sifatida himoya qilgan. Poytaxt Bishkekda esa bunga o‘xshash haykal 2003 yilda olib tashlanib, Milliy tarixiy muzey binosi orqasiga ko‘chirilgan. Ushbu haykal 1984 yilda Qirg‘iz SSR tashkil topganining 60 yilligi munosabati bilan o‘rnatilgan edi. Rossiyadagi qator OAVlari bu harakatni tarixga bog‘lab, “do‘stlik bog‘ichining uzilishi” deya izohladi.
Yovuzlik ramzlaridan biri bo‘lgan bu «dohiy»ning haykali aynan Qirg‘izistonda ag‘darilishi Sovet tuzumi va uning vorisi bo‘lgan bugungi Rossiyaning Markaziy Osiyoga bo‘lgan so‘nggi paytlardagi noteng munosabatlariga o‘ziga xos tarzda berilgan javobdir. Bu Sovet tuzumidan qolgan ramziy yaralarni davolash tuzatish jarayonidir. Chunki Qirg‘iziston bu borada mintaqadagi qolgan davlatlarga nisbatan ancha orqada edi. Poytaxt Bishkekning asosiy markazlaridan biri bo‘lgan tumanning Pervomay deb nomlanishidan tortib, Rossiyaning madaniy va ta’lim sohasini niqob qilgan holda Ukrainadagi bosqin targ‘ibotini amalga oshirishda doimiy tarzda gumonlanib kelinadigan «Rossotrudnichestva» agentligining mamlakatga chuqur o‘rnashib olishigacha, xullas har tomonlama Kremlning og‘ir qo‘llari qirg‘izlarning yelkasida yuk bo‘lib turibdi. 37 millionlik O‘zbekistonda bir dona, bor yo‘g‘ 7 million aholiga ega Qirg‘izistonda esa ikkita “rus uyi”ning mavjudligi ham Rossiyaning rasmiy Bishkekda qanchalik tasirga egaligini yaqqol ko‘rsatadi. Qirg‘izistondan qochgan ikki sobiq prezidentning biri Rossiyada ikinchisi uning eng yaqin ittifoqchisi bo‘lgan Belarusdan panoh topganiniku aytmasa ham bo‘ladi.
Aslida Lenin haykalining ag‘darilishi qirg‘izlar tomonidan allaqachon qilinishi lozim bo‘lgan jarayon edi. Chunki mintaqadagi boshqa davlatlar bu jarayonni ancha oldin boshlagan va bugun uni butkul tugatish arafasida. Bu tendensiyaning eng dastlabki tashabbuskorlaridan biri O‘zbeksiton ekanini ham eslatib o‘tish joiz. Jumladan O‘zbekiston mutaqillikka erishgach, ko‘p o‘tmay, 1992 yilda Toshkentdagi Lenin maydoni Mustaqillik maydoni deb o‘zgartirilgan holda o‘ziga xos ramziy mano kasb etdi. Bu borada Qozog‘iston ham bir necha yillar oldin tarixiy haqiqatni juda chiroyli tarzda tiklagandi.
Aqto‘bedagi Lenin haykali 1997 yilda Gaziza Jubanova nomidagi Oqto‘be viloyat filarmoniyasi binosi orqasidagi Mixail Frunze haykali ko‘chirilgan xiyobonga o‘tkazilgandi. Oradan 21 yil o‘tib, 2018 yil may oyida Lenin va Frunze shuningdek, Sovet davridagi boshqa yodgorliklar demontaj qilindi. Lenin haykali o‘rnatilgan joyda esa uning o‘rniga 2018 yilda ocharchilik va qatag‘on qurbonlari xotirasiga yodgorlik o‘rnatildi. Ha, bu aynan 1931-33 yillar davomida Lenindan qolgan shafqatsiz siyosatning Stalin tomonidan davom ettirilishi va parokanda iqtisodiy tizim ortidan Qozog‘iztonda yuz bergan qattiq ocharchilik tarixga golodomor nomi bilan kirgan daxshatli yillar uchun qo‘yilgan yodgorlik edi.
Ukrainada boshlangan rus bosqini esa mintaqadagi barcha davlatlarni yanada xushyor torttirdi. Ammo mintaqadagi davlatlar juda nozik va o‘lochovli harakatlanishga majbur. Ikki qadam oldinga bir qadam orqaga. To‘qayev Putinga xalqaro tadbirlarda keskin gapirgani bilan MDH miqyosida rus tilini rivojlantirish bo‘yicha tashabbuskor. Qirg‘iziston joriy yil “rus uyi” xodimini hibsga olish orqali hammomdagi tahqirlanishga qaysidir ma’noda javob bergan bo‘lsada, Japarov Putinga o‘zaro uchrashuvlarda tik qaramaydi, aksincha Bishkek, Botken va Qorako‘lda rus tilida o‘qitiladigan maktablarni o‘z tashabbusi bilan ochadi. Rahmon esa Rossiya prezidentiga “menga mustamlakadek qarama” deb zarda qilgani bilan Tojikistonda 201 sonli rus harbiy bazasi mamlakatdan chiqib ketish emas, balki yangilanish va mustahkam joylashishni amalga oshirib keladi. O‘zbekiston Rossiyaning biri harbiy, ikkinchisi esa iqtisodiy bo‘lgan, ammo aslida siyosiylashgan ikkita loyihasiga kirmagan mamlakat sifatida Markaziy Osiyoda o‘ziga xos erkin davlat. Ammo shunday bo‘lishiga qaramay rasmiy Toshkent Rossiyada xo‘rlanayotgan fuqarolari uchun mamlakatdagi Rossiya elchsini chaqirtirishga jazm qilmaydi, aksincha TIVga shunchaki taklif qiladi.
Asr jangi. Tramp va Mask bir-biriga “o‘q uzmoqda”
5 iyun kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali Tramp va Mask o‘rtasida to‘satdan “keskin tutashuv” yuz berdi. Kongressdan o‘tayotgan “Soliq imtiyozlarini qisqartirish” to‘g‘risidagi qonun loyihasi Ilonni quyushqondan chiqishiga sabab bo‘ldi. Chunki bu qisqartirish aynan uning Teslasiga aloqador edi. Qo‘shma Shtatlardagi tuzilmalarni ishchilardan tortib, byudjetigacha qisqartirishga shaxsan o‘zi bosh-qosh bo‘lgan Mask mazkur tashabbus o‘ziga yetib kelgan payti chiday olmadi. Mask Trampning byudjet loyihasini qayta-qayta tanqid qildi. O‘zaro janjalda Tramp sobiq ittifoqdoshi Ilon Maskning byudjet loyihasini tanqid qilganidan juda hayratda ekani va hafsalasi pir bo‘lganini aytdi. Trampning saylovoldi kampaniyasiga 250 million dollardan ortiq mablag‘ sarflagan dunyoning eng boy odami Ilon Mask esa Prezidentning «noshukurligidan» g‘azablanib, usiz saylovda g‘alaba qozona olmasligini aytdi. Mask agar men bo‘lmaganimda Tramp saylovda yuta olmasdi deb yozdi. Vaziyat shu tarzda jiddiylashib ketdi. Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tinimsiz memlar yaratmoqda. Internetning rusiyzabon segmentida esa Ilon Maskga Rossiyadan siyosiy boshpana berilgani haqida hazilomuz xabarlar tarqaldi.
Tramp “mamlakatni rivojlantirishning eng to‘g‘ri yo‘li Mask bilan tuzilgan shartnomalarni bekor qilishdir” deb yozdi va dunyoning eng boy odamini “aqldan ozgan” deya tarifladi. Mask esa X platformasida prezident Donald Tramp bilan bog‘liq eski hangomalarni qaytadan jonlantirdi. U Tramp nomini moliyachi, keyin esa butun dunyoga esa pedofi bo‘lib tanilgan Jeffri Epshteyn bilan bog‘ladi. Uning ishiga oid hujjatlarda Tramp ham borligi sababli, bu hujjatlar haligacha ommaga e’lon qilinmaganini yozdi. Epshteyn fayllari moliyachi Jeffri Epshteynning hujjatlaridir. U birinchi marta 2006 yilda ayblangan. Epshteyn fohishalikni tashkil qilishda aybini tan olgan va voyaga yetmagan qizni zo‘rlaganlikda ayblangan. Milliarder 2019 yilning yozida AQSHda yana qo‘lga olinib, qizlar, jumladan, 14 yoshli bolalar savdosi va o‘nlab voyaga etmagan qizlarni jinsiy ekspluatatsiya qilish va zo‘ravonlikka yo‘l qo‘ygan jinoiy tuzilmani tashkil qilishda ayblangan edi. Aynan uning nomi pedofiliya urchitishda hatto tuzilma qurish darajasigacha chiqqani bilan haligacha qo‘rqinchli eshitiladi.
2008 yilda ham u bolalarga zo‘ravonlik qilganlikda ayblangan. Moliyachi qizlarga intim xizmatlari uchun pul to‘lagani va ularni sotishi mumkinligi isbotlangan. O‘shanda uning advokatlari yengil jazo olishga muvaffaq bo‘ldi – bu odam atigi 13 oyni qamoqda o‘tkazdi va unga kuniga 12 soat, haftasiga 6 kun qamoqdan chiqib, Floridadagi ofisida ishlashga ruxsat ham berildi. 2019 yilda, moliyachi hibsga olinganida, “The New York Times” gazetasining yozishicha, sud bitimidan oldin Epshteynning ko‘plab nufuzli do‘stlari orasida jumladan Tramp va AQSH sobiq prezidenti Bill Klinton bo‘lgan. Hibsga olinganidan so‘ng, Epshteyn qo‘yilgan ayblovlarni tan olmadi va bir oy o‘tib o‘z joniga qasd qildi. Agar aybi isbotlansa, u 45 yilgacha qamoq jazosiga hukm qilinishi mumkin edi. Ha, Mask jonbozlik ko‘rsatib, bir necha yuz million sarflab, hokimiyat tepasiga olib kelgan ittifoqdoshi bilan shunday tempda janjallashyapti. Ammo bu hali hammasi emas. U o‘ziga tegishli X platformasida Qo‘shma Shtatlarda “uchinchi siyosiy partiya” tuzish zarurligi bo‘yicha so‘rovnoma ham joylashtirdi. So‘rovnomada hozirgi paytgacha 5.6 million foydalanuvchi qatnashdi va ularning 80 foizi “Uchinchi partiya” tashkil etilishini qo‘llab-quvvatladi. Maskka ko‘ra bu Amerika partiyasi deb nomlanadi. Shuningdek, Ilon demokratlar tomoniga og‘ishishi haqida ham taxminlar yetarlicha. Tramp esa buning oqibatlari Mask uchun juda yomon bo‘ladi deb tahdid qildi. Mask esa bu orada Xda Trampga impichment e’lon qilish jarayoniga ham ishora qildi.
Shu tariqa Tesla va SpaseX rahbari o‘zining X tarmog‘ida chang-to‘zon ko‘tardi. Uning har bir posti Trampni tanqid qilishga bag‘ishlanmoqda. Maskning ushbu o‘ziga xos qo‘zg‘oloniga FRX rahbari, AQSHdagi eng tasirchan shaxslardan biri bo‘lgan Jerome Pauell ham qo‘shilgan. Mazkur janjal tafsilotlari o‘z o‘rniga, ammo buning ortidan Mask va Trampning moliyaviy yo‘qotishlari alohida masala. Mask janjaldan so‘ng bir kunda deyarli 34 milliard dollar, Tramp esa 1 milliard dollardan ko‘proq daromadini yo‘qotdi. Vaqt o‘tib esa ular o‘rtasidagi mojaro juda chuqurligi va bu faqatgina subsidiyalarning cheklanishi bilan bog‘liqmasligi oshkor bo‘ldi. Mask Trampdan yaqin kishisi Jared Ayzekmanni NASA rahbari etib tayinlamagani uchun ham o‘pkalagan. qaroridan norozi bo‘ldi. Ayzekman – Mask bilan bir nechta loyihalarda hamkorlik qilgan tadbirkor va astronavt. Mazkur qarorlar Tramp va Mask o‘rtasida keskin mojaroga sabab bo‘ldi.
Bundan tashqari, “The Washington Post” nashri o‘z manbalariga tayanib yozishicha, AQSH prezidenti Donald Tramp Ilon Mask bilan sodir bo‘lgan shov-shuvli ziddiyatdan keyin shaxsiy suhbatlarda uni «katta giyohvand» deb atagan. Bundan biroz avvalroq esa Mask AQSH moliya vaziri Skott Bessent bilan tortishib ketgan, ish hatto mushtlashuvgacha borgan. Gazetaning yozishicha, Tramp «dunyodagi eng boy odam» bilan ommaviy ziddiyat ortidan tushkunlikka tushgan va Maskning pozitsiyasini tushunishga urinib, tanishlariga qo‘ng‘iroq qilgan va u bilan nima sodir bo‘layotganini so‘ray boshlagan. Oq uy vakillarining ta’kidlashicha, Trampning Mask narkotik moddalar iste’mol qilayotgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi xavotiri ularni yanada uzoqlashtirgan. Shuningdek, aprel oyi o‘rtalarida yuz bergan yana bir voqea ham Trampga yoqmagan. Unga ko‘ra, o‘shanda Oval kabinetdagi uchrashuvdan so‘ng Mask va moliya vaziri Bessent davlat amaldorlaridan birining, aniqrog‘i soliq mulozimi tayinlovi borasida kelisha olmagan. Ular bir-biriga nisbatan haqoratli so‘zlar ishlatib, tortishib ketgan. Shundan so‘ng Mask, xuddi regbi o‘yinchisiga o‘xshab, Bessentni yelkasi bilan ko‘krak qismiga urib yubordi. Bessent esa unga musht tushirgan, deb yozadi WP nashri Trampning sobiq maslahatchisi Stiv Bennonga tayanib. Tramp o‘shanda Mask haddidan oshganini ta’kidlaydi. WP nashrining bu xabari haqiqatga yaqindek. Chunki Mask oval kabinetdagi so‘nggi vidolashuv tadbirida ko‘zi atrofidagi ko‘kargan jarohat omma e’tiborini tortgandi. Xoynaxoy bu aynan Skott Bessentning zarbasi chog‘i.
Tramp qirg‘inlarni to‘xtatmaydi?
Tramp hokimiyat tepasiga kelgach huddi 2016 yildagi kabi o‘z saylovoldi rejalariga mutlaqo zid harakat qilyapti. U Oq uyga qaytganidan so‘ng Qo‘shma Shatatlar BMT Rossiyani qoralovchi rezolyutsiyaga qarshi ovoz berishi va joriy haftada G‘azo sektorida o‘t ochishni to‘xtatishga chaqiruvchi BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasi loyihasiga veto qo‘ygani buning yorqin dalilidir. G‘azoda o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha Rezolyutsiya loyihasi Kengashning doimiy bo‘lmagan o‘n nafar a’zosi nomidan Sloveniya tomonidan muvofiqlashtirilgan holda taqdim etildi. Hujjatda sektorga zudlik bilan insonparvarlik yordami zarurligi, Isroil hujumlarining davom etishi tinch aholi ahvolining keskin yomonlashishiga olib kelgani ta’kidlangan. Vashington esa bu tashabbusga veto qo‘ydi va bu hujjatning qabul qilinishiga amalda to‘sqinlik qildi. AQSH o‘zining mazkur qarorini rezolyutsiya matnida HAMASni qoralash yo‘qligi bilan izohladi.
Ovoz berishda Xavfsizlik Kengashining 15 a’zosidan 14 nafari rezolyutsiyani qo‘llab-quvvatladi. Kengashning doimiy a’zosi sifatida veto huquqidan foydalangan holda faqat AQSH qarshi ovoz berdi. AQSHning BMTdagi doimiy vakili Doroti Shining aytishicha, Amerika tomoni taklif etilayotgan matnning mazmuni ham, shakli ham “qabul qilib bo‘lmaydigan” deb hisoblaydi. Sloveniyaning BMTdagi doimiy vakili Samuel Jbogar XKning doimiy bo‘lmagan 10ta a’zosi nomidan nutq so‘zlab, loyihani taqdim etgan davlatlar Kengashda konsensusga erishish uchun ataylab faqat gumanitar vaziyatga e’tibor qaratganini bildirdi. U insonparvarlik yordamidan foydalanishni cheklash va fuqarolarni ataylab oziq-ovqatdan mahrum qilish xalqaro huquqqa zid ekanligini va uni hech qanday urush maqsadlari bilan oqlab bo‘lmasligini eslatdi. Sloveniya vakili rezolyutsiya bloklanganidan afsusda ekanligini bildirdi, ammo 14 ta davlat buni yoqlab ovoz berganini kuchli signal deya ta’kidladi.
Aslida esa kuchli va qat’iy signal allaqachon Parij, London va Ottava berib bo‘lingan. Ustiga ustak, joriy hafta yakunida Fransiya Tashqi ishlar vaziri Jan-Noel Barro o‘z mamlakati Falastin davlatini tan olishga mutlaqo tayyorligini bildirdi. Kelayotgan 17–20 iyun kunlari esa Birlashgan Millatlar Tashkilotining Nyu-Yorkdagi qarorgohida Isroil-Falastin mojarosini hal etish bo‘yicha xalqaro konferensiya bo‘lib o‘tadi. Unda “ikki xalq uchun ikki davlat” tamoyili asosida nizoni tartibga solish masalasi ko‘rib chiqiladi. Tadbir Fransiya va Saudiya Arabistoni ishtirokida tashkil etilib, unda Falastin davlatini tan olishning yangi formati, shu bilan birga, Isroil xavfsizligini kafolatlash choralari ham muhokama qilinadi. Ammo bu fransuzlar ta’kidlaganidek, shunchaki ramziy tan olish jarayoni emas, balki Falastinni qurish bo‘yicha davomli va ortga qaytmas protses uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qiladi. Har holda Parij shunday va’dalar bermoqda.
Rossiyaliklar IELTS dan voz kechdi
Rossiyaliklar endi ingliz tili darajasini baholash uchun tashkil qilinadigan butun dunyo miqyosidagi eng mashhur test – IELTS imtixonini topshira olmaydi. Rossiya Bosh prokuraturasi Buyuk Britaniyaning xalqaro madaniy aloqalar va ta’lim imkoniyatlari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – The British Council (Britaniya kengashi)ni mamlakatda nomaqbul tashkilot deb e’lon qildi. Kuzatuv organining ta’kidlashicha, kengash “ta’lim va madaniyat faoliyati” niqobi ostida – ma’rifiy tadbirlar, ingliz tilini o‘qitish va boshqalar orqali Buyuk Britaniyaning uzoq muddatli manfaatlari va qadriyatlarini ilgari suradi. Tashkilot Moskva siyosatini obro‘sizlantirishga urinishda ayblanmoqda. Qolaversa, prokuratura Britaniya kengashining asosiy maqsadlaridan biri – Sovet Ittifoqi respublikalarining aholisi ongidan Rossiyaga xos milliylikni yo‘qotish ekanini ta’kidlagan. Shuningdek, tashkilot Boltiq mintaqasidagi Rossiyaga qarshi kuchlarni birlashtirishga qaratilgan madaniy aloqalarni rivojlantirish bilan shug‘ullanayotgani va butun dunyo bo‘ylab Britaniya ta’siridagi agentlar tarmog‘ini yaratishga urinishda ayblanmoqda.
Ma’lumot uchun, Britaniya kengashi 1934 yilda tashkil etilgan bo‘lib, Buyuk Britaniyada xayriya tashkiloti maqomiga ega. Rossiyada ushbu tashkilotning dastlab o‘ndan ortiq ofislari bo‘lgan, biroq 2007 yilning oxirida faqat Moskvadagi ofis saqlab qolingan. Bu Rossiya Bosh prokuraturasi tomonidan The British Council ya’ni Britaniya kengashiga qarshi qaratilgan kompaniyaning dastlabki harakatlari xolos. British Council Rossiyada nomaqbul tashkilot deb e’lon qilgani sabab, endilikda mamlakatda ingliz tilidan IELTS imtihonini topshirish ham jinoiy ta’qibga sabab bo‘lishi mumkin. O‘z navbatida, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ham fuqarolarni The British Sounsil va 2021 yilda «taqiqlangan» deb tan olingan Oxford Russia Fund xorijiy tashkilotlar faoliyatida ishtirok etmaslikka chaqirgan.
Xalqaro yurist Artem Kliganing ta’kidlashicha, IETLS imtihoni hatto chet elda topshirilgan taqdirda ham “taqiqlangan tashkilotni moliyalashtirish” deb baholanishi mumkin va buni amalga oshirganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi. Umuman olganda The British Council 2018 yilda sobiq agent Sergey Skripalning Britaniyada zaharlanishi bilan bog‘liq josuslik mojarosi sababli Rossiyani tark etgan edi. 2022 yil 10 martdan boshlab, Ukrainaga bosqin boshlanganidan so‘ng, Rossiyada IELTS topshirish imkoniyati to‘xtatilgan. Shunga qaramay, Rossiya fuqarolari Qozog‘iston, BAA, Gruziya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Armaniston, Serbiya va Turkiya kabi davlatlarda IELTS imtihonini topshirishda davom etayotgandi. Ammo endi bu ham qat’iy cheklanishga yaqin.
Live
BarchasiNamanganda yana zilzila bo‘ldi
06 dekabr