Rossiyada IELTS topshirganlar 5 yilgacha qamalishi mumkin
Olam
−
07 iyun 13799 2 daqiqa
Rossiya Bosh prokuraturasi Buyuk Britaniyaning xalqaro madaniy aloqalar va ta’lim imkoniyatlari bilan shug‘ullanuvchi tashkiloti – The British Council (Britaniya kengashi)ni Rossiyada nomaqbul tashkilot deb e’lon qilgani sabab, mamlakatda ingliz tilidan IELTS imtihonini topshirish jinoiy ta’qibga sabab bo‘lishi mumkin. Bu haqda “The Moscow Times” xabar berdi.
Qayd etilishicha, nazorat organi bu tashkilotni “ta’lim va madaniyat bilan niqoblangan holda” Britaniyaning uzoq muddatli manfaatlari va qadriyatlarini ilgari surishda ayblagan.
O‘z navbatida, Rossiya Federal xavfsizlik xizmati ham fuqarolarni The British Council va 2021 yilda “taqiqlangan” deb tan olingan Oxford Russia Fund xorijiy tashkilotlar faoliyatida ishtirok etmaslikka chaqirgan.
“Bunday hamkorlik Rossiya Federatsiyasining ma’muriy yoki jinoiy javobgarligiga sabab bo‘ladi”, deyiladi xabarda.
Xalqaro yurist Artem Kliganing ta’kidlashicha, IELTS imtihoni hatto chet elda topshirilgan taqdirda ham “taqiqlangan tashkilotni moliyalashtirish” deb baholanishi mumkin va buni amalga oshirganlar 5 yilgacha ozodlikdan mahrum etiladi.
The British Council 2018 yilda sobiq agent Sergey Skripalning Britaniyada zaharlanishi bilan bog‘liq josuslik mojarosi sababli Rossiyani tark etgan edi. 2022 yil 10 martdan boshlab, Ukraina urushi boshlanganidan so‘ng, Rossiyada IELTS topshirish imkoniyati to‘xtatilgan.
Shunga qaramay, Rossiya fuqarolari Qozog‘iston, BAA, Gruziya, Ozarbayjon, O‘zbekiston, Armaniston, Serbiya va Turkiya kabi davlatlarda IELTS imtihonini topshirishda davom etmoqda. IELTS sertifikati chet elda o‘qish va ishlash uchun talab etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Buyuk Britaniya Rossiya va Xitoyni asosiy xavf tug‘diradigan mamlakatlar ro‘yxatiga kiritgandi.
Live
Barchasi