Toshqulov talabalarning qanchasi yotoqxona bilan ta’minlanmaganini aytdi
Olam
−
09 Sentabr 2022
5232Bugungi kunda turar-joyga ehtiyoji bor talabalarning 47 foizi yotoqxonalar bilan ta’minlangan. Bu haqda bugun, 9 sentyabr kuni Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Abduqodir Toshqulov talabalarni joy bilan ta’minlash muammosiga bag‘ishlangan matbuot anjumanida aytib o‘tdi.
“1991-2010 yillarda yotoqxona o‘rinlari soni kamaysa kamayganki, ko‘paymagan. 2010-2016 yillarda 2000 o‘rinli talabalar turar-joyi barpo etilgan. Hozirgi kunda bitta talaba uchun turar-joy qiymati 40-50 million so‘m atrofida, ya’ni, masalan, 400 o‘rinli talabalar turar-joyi taxminan 20 mlrd so‘m atrofida bo‘ladi.
2017-2022 yil yakuni bilan 56 ming o‘rinli talabalar turar-joyi bo‘lyapti. Bu 2010-2016 yilga nisbatan 28 barobar ko‘p”, deydi Toshqulov.
Vazir O‘zbekistonda 2016 yilda 77 ta OTM bo‘lgan bo‘lsa, ayni kunda ularning soni 172 taga yetganini, unda tahsil oluvchi talabalar esa 200 ming nafardan 800 ming nafargacha ko‘payganini eslatgan.
“Talabalar turar-joyining yetishmaslik muammosi oliy ta’lim muassasalari, talabalar sonini ko‘paytirgunga qadar ham ko‘p edi. Dunyo oliy ta’lim tizimini o‘rganganimda bir narsaga guvoh bo‘ldim — talabalarni yotoqxona bilan 100 foiz ta’minlagan birorta davlat yo‘q.
Ayni paytda O‘zbekistondagi OTMlar yotoqxonasida 91 ming talabaga joy bor. OTMlarda o‘quvchi 211 ming nafar talabaning esa turar-joyga ehtiyoji bor”, deydi Toshqulov.
Avvalroq QALAMPIR.UZ saytida “Toshkent ko‘z yoshlarga ishonmaydi yoxud poytaxtga sig‘mayotgan talabalar” nomli maqola e’lon qilindi. Unda Toshkentdagi OTMlarga o‘qishga kirgan boshqa viloyatdan kelgan talabalar joy topa olmay sarson bo‘layotgani haqida so‘z yuritilgan.